O‘zbekiston | 15:01 / 20.05.2022
4980
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk marta “Partnerships Award” g‘olibi bo‘ldi

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligiga Londonda “Partnerships Award” mukofoti topshirildi. Bu mukofotni O‘zbekiston ilk marta qo‘lga kiritdi.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi  “Partnerships Award”ning “yil targ‘ibotchisi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Ushbu mukofot hukumatning rivojlanish strategiyasi negizida DXSh dasturi joylashtirilganligining yorqin namunasi, deya e’tirof etilmoqda.

Bundan tashqari, eng yaxshi kommunal xizmatlar loyihasi nominatsiyasida ikkita loyiha finalchilar qatoriga kiritilgan: Abu Dabi “Future Energy” kompaniyasi (Masdar) tomonidan amalga oshirilgan 457 Mvt Sherobod Quyosh DXSh loyihasi va “Veolia Energy Tashkent” tomonidan amalga oshirilgan Toshkent shahar isitish tarmog‘ini ishlatish, texnik xizmat ko‘rsatish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihasi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yildagi “Partnerships Award” 19 may, payshanba kuni Londondagi “The Hilton on Park Lane”da bo‘lib o‘tgan. Unda 2021 va 2022 yilgi mukofot g‘oliblari e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun,  “Partnerships Award” davlat-xususiy sherikchiligi sohasidagi mukammallikni e’tirof etishning eng katta va eng nufuzli sovrini hisoblanadi. 

Mukofotning muhimligi shundaki, ular eng kuchli tanqidchilar tomonidan baholanadi. Ekspertlardan iborat baholash paneli davlat va xususiy sektorni namoyish etuvchi 30 dan ortiq soha mutaxassislaridan tashkil topgan. Baholash paneli a’zolari DXSh sohasidagi mutaxassisligi, tajribasi va haqqoniyligi asosida tanlanadi. U “Haymarket Media” guruhining bir qismi bo‘lgan “Partnership Bulletin” tomonidan tashkil etilgan.

Mavzuga oid