Jahon | 08:07 / 23.05.2022
12105
3 daqiqa o‘qiladi

SIPRI: Dunyo inqirozlarning yangi davriga qarab ketmoqda 

Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti ekspertlari ogohlantirishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, COVID-19 pandemiyasi va boshqa tahdidlar dunyo uchun jiddiy xavf keltirib chiqarmoqda.

Foto: AA

Ekologik inqiroz va xavfsizlik sohasidagi inqirozning kombinatsiyasi butun dunyo tinchligiga tahdid soladi. Qaror qabul qiluvchilar esa «yangi xavf davri»ga tayyor emas, deya ogohlantiradi Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ekspertlari 23 may, dushanba kuni e’lon qilingan hisobotda.

Hujjat xalqaro xavfsizlik sohasida kelajakning dahshatli manzarasini taqdim etadi. Unda ekologik inqiroz - iqlim o‘zgarishi, resurslar tanqisligi, ayrim o‘simlik va hayvon turlarining yo‘q bo‘lib ketishi - Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari bilan bog‘liq xavfsizlik inqirozi hamda COVID-19 pandemiyasi kabi boshqa tahdidlar bilan qanday o‘zaro ta’sir qilishi ko‘rsatilgan.

Shvetsiya sobiq tashqi ishlar vaziri va Yevropa ittifoqining atrof-muhit bo‘yicha komissari Margot Valstryom hisobotning so‘zboshida «Bunday o‘zaro ta’sir zaharli va halokatli. Yechim topishga mas’ul bo‘lgan muassasalar esa juda sekin uyg‘onmoqda», deb yozdi.

Misol uchun, Somalida davom etayotgan qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishining boshqa oqibatlari, qashshoqlik va zaif hukumat bilan birgalikda «Harakat al-Shabab» radikal guruhi faoliyatini kuchaytirishga yordam bermoqda, Markaziy Amerikada esa iqlim o‘zgarishining donli ekinlar hosiliga ta’siri zo‘ravonlik va korrupsiya bilan birgalikda, AQShga migratsiyaning ortishiga olib keldi, deyiladi hisobotda. 

«Atrof-muhit bo‘yicha ko‘plab ekspertlar biz hozir juda muhim nuqtada ekanimizni ta’kidlamoqda: biz ekologik inqirozga yo‘l berishimiz yoki muammoni hozir tan olishimiz va uni hal qilish uchun nimadir qilishimiz mumkin», dedi SIPRI rahbari Den Smit Dpa axborot agentligiga bergan intervyusida. «Yomon xabar shundaki, bu juda muhim lahza xalqaro siyosat dahshatli holatda bo‘lgan bir vaqtda sodir bo‘ldi», dedi u. 

Mavzuga oid