Jamiyat | 19:10 / 27.05.2022
43575
11 daqiqa o‘qiladi

Bugungi davlat xizmati: Deputat va vazir maslahatchisi bahsi 

25 may kuni O‘zbekistondagi barcha maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami nishonlandi. Sana munosabati bilan bitiruvchilarni prezidentdan tortib, deputat, senator, vazirlar, sudya va ijtimoiy tarmoq faollarigacha tabrikladi, ularga o‘z maslahatlarini berdi.

Yozilgan ana shunday tabrik va maslahatlar orasida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevniki shov-shuvli chiqdi, turli bahs va mulohazalarga sabab bo‘ldi.

Deputat o‘z Telegram-kanalida, jumladan, bunday yozdi:

“Maktab bitiruvchilariga aytmoqchi bo‘lganim: imkon darajasida umringizni, tirikchilikni davlat xizmatchisi sifatida o‘tkazishga olib keladigan kasb tanlashdan yiroq bo‘lishga intiling, ilojsiz qolsangizgina davlat xizmatida ishlang.

Erkingizni, ichki potensialingizni ro‘yobga chiqarishga olib keladigan hayot yo‘lini tanlashga kuch topa oling, bu yo‘lda o‘zingizni chiniqtiring”.

Rasul Kusherbayevning bitiruvchilarga qarata aytgan ushbu tavsiyaci muloqot tarmoqlarining ko‘plab foydalanuvchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi qatorida, ayrimlarda e’tiroz ham uyg‘otdi.

Jumladan, adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova deputat fikrlariga qarshi chiqqanlardan biri bo‘ldi.

U Kusherbayev fikrlariga qarshi mana bularni yozdi:

Deputat Rasul Kusherbayev g‘alati gaplar aytibdi — bitiruvchilarga davlat xizmatida ishlamang, ilojsiz qolsangizgina bu sohani tanlang, deyapti.

Davlat xizmatchisi sifatida shaxsan menga bu og‘ir botdi. Yuz minglab davlat xizmatchilari xalqqa xizmat qilaman deb yuribdi. Nima, ular ilojsizlikdan, boshqa ish qilolmaganidan kelganmi? Yo potensialini ro‘yobga chiqarolmay, o‘zi istamagan ishni qilib qiynalib yuribdimi? Hammasi muttahammi, qulmi? Kim buni birma-bir so‘rab aniqlab, dalillab, isbotlab beradi?

Davlat xizmatidagilar xavfsizlikni ta’minlamayaptimi? Mudofaa qilmayaptimi? Blekaut bo‘lsa, 24 soatlab uyqusiz ishlamayaptimi? Suv toshsa, odamlarni qutqaraman deb cho‘kib ketmayaptimi, oilasi chirqirab qolmayaptimi?

Davlat xizmati — bu xalq xizmati degani, u yerga eng aqlli yoshlar kelishi lozim. Chunki bugun ko‘p muammolar bor, ularni hal qilishga malakali kadrlar kerak. Davlat xizmati sifat o‘sishi xalqqa foyda. Bu yerda malakasiz, bilimsiz, qo‘lidan ish kelmaydigan, noilojlikdan umrini o‘tkazadigan xodimlar ko‘payishi kimga foyda?

Bizning xalq savodli va saviyali davlat xizmatini umrida ko‘rmasinmi...”

Kun.uz muxbiri Rasul Kusherbayev va Shahnoza Soatova bilan suhbat uyushtirgan holda, ularning fikrlariga oydinlik kiritishga, shuningdek, O‘zbekistondagi davlat tashkilotlarida kadrlarning o‘z potensialini ko‘rsatishi uchun qanchalik imkoniyat yaratilgan, davlat xizmati iste’dodlilar uchun qanchalik jozibali, degan savollarga javob izlashga harakat qildi.

Ilyos Safarov:

Rasul aka, ayting-chi,  nega bitiruvchilar imkon darajasida davlat xizmatchisi sifatida ishlashga olib keladigan kasb tanlamasligi yoki ilojsiz qolsagina unda ishlashi kerak?

Rasul Kusherbayev:

— Bitiruvchilarga qarata: “imkon bo‘lsa, davlat ishini birinchi darajali ish sifatida ko‘rmang”, deganimning sababi, ular faoliyatining boshidanoq qolipga tushib qolishmasin.

Masalan, shaxsan o‘zim davlat ishini havas qiladigan ish sifatida qabul qilmayman. Chunki har qanday kadr oldida davlat tashkilotlari mening imkoniyat yoki xohish-istaklarimni qanchalik qondirib beroladi, degan savol turadi.

Men o‘zim xohlagan paytimda uyimga keta olamanmi, yo‘qmi? Oilamdan xabar ololamanmi? Mening ehtiyojlarim va xarajatlarimni qoplaydimi yoki yo‘qmi?

Ya’ni davlat taklif qiladigan ish va sharoitlarda doim ham kadr talablari inobatga olinmasligi mumkin. Balki umuman hisoblashilmasligi mumkin va ko‘p holatda shunday bo‘ladi ham.

Bizda kadr davlat xizmatiga borgach, davlat boshqa tomonda, xalq boshqa tomonda turgandek ko‘radi. Aslida davlat ishi, davlat ishida ishlash degani xalqqa xizmat qilish, xalqning xizmatchisiga aylanish deganidir. 

Davlat ishiga borgan har bir odam o‘ziga juda katta mas’uliyatni olishi kerak. U “men – millionlab odamlar to‘lagan soliqlardan ish haqi olib ishlayotgan odamman”, deya o‘ylashi kerak.

Mamlakatda qancha soliq to‘lovchi bo‘lsa, ularning oldida mening javobgarligim bor, deya tushunishi kerak. U shuningdek, shunga qanoat qilib yashashi, o‘zining bir qator xohishlarini cheklashi ham kerak.

Hozirgi sharoitda kim o‘zini davlat ishiga boshidan tayyor deb his qiladi yoki his qilmaydi, bu – ikkinchi masala. Lekin kishi davlat xizmatchisi bo‘lib ishga kirarkan, fuqaro undan ustun, fuqaro uni boshqaradi.

Endi hamma ham xizmatchi bo‘lishni xohlamasligi mumkin. Nazarimda, bugungi kunda yoshlarda shunday imkoniyat borki, ma’lum qismi marhamat, davlat ishiga boraman desin, o‘zini shunga tayyorlasin, boshqa qilsin. Ammo davlatning imkoniyatlari, yaratib beradigan ish o‘rni vaqti soati bilan qisqarsa qisqaradiki, oshmaydi.

Davlat 10 nafar odamni ishga taklif qilishi mumkin, 20 nafarini taklif qilishi mumkin, lekin qolganlar-chi?

Hech kim men o‘qishni tamomlasam, joy tayyorlab qo‘yilgan, deb o‘ylamasin-da. Ular boshidan boshqa sohada ko‘proq “potensial”ini oshirish va shu orqali davlat taklif qilayotgan daromaddan bir necha barobar yuqoriroq topish haqida o‘ylasin. Shu g‘oya bilan yashasin va shu ishni amalga oshirsin.

Odamlarning davlat oldida qiladigan ishi bitta: soliqni vaqtida to‘lab qo‘ysin, bo‘ldi. Balki shu ishlar bahonasida biz kutayotgandek, Pavel Durov yoki Jyek Ma chiqib qolar, mana shu yuqorida aytilgan “potensial”ini ro‘yobga chiqarib. Bu birgina davlatga yordam bo‘lishi mumkin, lekin davlatni “potensial” ish beruvchisi sifatida ko‘rmanglar degan pozitsiya.

“Qarama, davlat senga ish bermasligi mumkin, sen o‘zing topishga harakat qil, davlatning imkoniyatlari cheklangan. Davlat hammaga taklif berolmaydi”.

Agar shunday g‘oyadan kelib chiqib, o‘zining salohiyatini amalga oshirib, qayerdadir xususiy sektorda ishlashni boshlasa, davlat o‘zi taklif qilishni boshlaydi uni. Menimcha, davlat eng yaxshilarini tanlab olib: “senga 10 ming berayotgan ekan, men senga 15 ming beraman. Kel, menga”, – deb taklif qilishni boshlashi mumkin.

I.S:

— Shahnoza opa, ayting-chi, Rasul akaning yozgan va mana bugun aytayotgan qaysi fikrlariga qo‘shilasiz yoki qo‘shilmaysiz? Deputat yozgan postdagi qaysi jumlalar yuragingizni og‘ritdi? 

Shahnoza Soatova:

Shahnoza Soatova

Birinchidan, Rasulning dastlab yozgan va hozir aytayotgan fikrlari boshqa-boshqa gaplar.

Aslida hammasi Rasulning 25 may kuni yozgan gaplaridan boshlandi. Kanallarda turibdi bu post, hozir iqtibos keltirishim mumkin.

Biz buni qanday tushundik? Buni bir men emas, ko‘pchilik bir xil tushundi. Ya’ni birinchi postda aytilyaptiki, “davlat ishining jozibadorligi past va unda kadrlar “potensial”ini ro‘yobga chiqarish imkoniyati kam, erk cheklanadi”.

Shuningdek, endilikda Rasul o‘z postini “davlat ishida mas’uliyat baland”, deya izohlayaptiki. Lekin biz mas’uliyat bilan ham yoshlarimizni qo‘rqitishimiz to‘g‘ri emas. Bizga mas’uliyatsiz, undan qo‘rqadigan avlod kerakmi? Bu endi alohida masala bo‘ladi.

Rasul Kusherbayevning Gazeta.uz saytiga bergan fikrlarida ham yosh avlodga davlat xizmati haqida noto‘g‘ri fikrlar singdirilmoqda.. Men shunday deb hisoblayman.

Birinchidan, davlat xizmatining jozibadorligini oshirish – bugungi kundagi vazifa. Masalan, Parlamentning o‘zi bir necha kun avval “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni tasdiqladi. Bu 30 yil ichida qabul qilinmagan qonun edi, muammolarning ildizi ham shu yerdan kelyapti.

Mana shu qonun birinchi marotaba qabul qilindi, deputatlarning o‘zlari uni muhokama qildi va o‘tkazishdi. Endi shu qonunlar qabul qilib qo‘yilgandan keyin ertaga, 5-6 yil o‘tib, davlat xizmatiga bugungi bitiruvchilar kirib keladi. Bu bilan endi o‘sha qonunlar baribir ishlamaydi, deb tushunish kerakmi, buni qanday tushunish kerak? Bu yerda savollar bor.

Umuman, davlat xizmati o‘zi nima? U odamni shunchalik baxtsiz qiladimi, nohalol ishlatib, erkini cheklaydimi?

Ilyos Safarov

Har qanday sohada, xususiy sektor rivojlanishi kerak, bu yerda bahslashadigan narsa yo‘q. Lekin uning uchun ham avvalo davlat sharoit yaratishi kerak-ku.

Bugun poraxo‘rlik bilan kim kurashadi, olaylik, xavfsizlikni kim ta’minlaydi, kuch ishlatish monopoliyasi kimga berilgan, qonun ustuvorligini kim ta’minlaydi? Ijtimoiy sohalar – bularning hammasi davlatning majburiyatlari va ularga sifatli kadrlar tayyorlash kerak.

Hammamiz xususiy sektorga o‘tib ketaversak nima bo‘ladi? Tanqid kerak, lekin shu tanqiddan xulosa chiqarib ishlaydigan odamlar ham kerak-da. U odamlarni biz qayerdan olamiz?

Davlat xizmatidagi muammolarga hech kim ko‘z yummayapti, ularga shuncha oylik berolmayotgandir davlat, lekin shuncha oylik beriladigan kunga ham kelarmiz. Bu holatga yetib borishimiz uchun ham bizga malakali kadrlar kerak-ku.

Ya’ni bu yerda birinchi postdan kelib chiqadigan ma’nolar turli xil edi. Ularning orasida yaxshi ma’no beradigani juda chuqurda edi.

To‘g‘risi, bugun Rasul Kusherbayevga qarshi chiqish, unga qarshi gapirish qiyin. Qarshi chiqqanning qarshisidan ko‘pchilik chiqadi va haloli bo‘lsin, bu – Rasulning o‘zi topgan imij.

Lekin men bu yerda davlat xizmatiga kelishni istagan, ammo shu gaplardan keyin boshqa qarorni qabul qilishi mumkin bo‘lgan avlodni yutqazmaslikni xohlardim.

U qanday kasb bo‘lsinki, sizni davlat xizmatiga olib keladigan. Bunaqa kategoriyani men tushunmadim. Har qanaqa kasb bir kun davlat xizmatiga olib kelishi mumkin yoki har qanaqa kasb xususiy sektorga olib borishi mumkin. Hech qanday kasb yo‘qki, faqat davlat xizmatiga yoki xususiy sektorda ishlash mumkin bo‘lsa. Juda ham ko‘p talqinli post bo‘ldi-da, to‘g‘risi. E’tirozlar shundan kelib chiqdi. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid