Jahon | 13:00 / 05.06.2022
45164
6 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga yana raketa zarbalari berildi

5 iyun tongida Kiyevda bir necha portlashlar kuzatildi. Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, Darnitsk va Dneprovsk rayonlariga raketa zarbalari kelib tushgan.

Foto: Reuters

«Bir necha portlashlar bo‘ldi. Tegishli xizmatlar voqea joyida ishlamoqda», deya yozdi Klichko o‘z telegram-kanalida. Keyinroq u zarbalar natijasida halok bo‘lganlar yo‘qligi, bir kishi shifoxonaga yotqizilganini xabar qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar infratuzilma obektlariga kelib tushgan. Guvohlar portlashlardan keyin yong‘in chiqqani haqida xabar berishgan. «Ukrzaliznytsya» (Ukraina temiryo‘llari) kompaniyasi kuzatuv kengashi a’zosi Sergey Leshchenko telegram-kanalida temiryo‘l infratuzilmalariga ham zarbalar kelib tushganini ma’lum qilgan.

Ukraina regionlaridan kelgan xabarlarga ko‘ra, Kramatorsk, Lisichansk, Kiyev oblastidagi Brovarov shaharchasiga ham zarbalar berilgan. Lugans oblasti rahbari Sergey Gaydayning ma’lumotiga ko‘ra, Lisichansk o‘qqa tutilishi oqibatida bir ayol halok bo‘lib, ikki erkak yaralangan.

Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko 4 iyun kuni oblast hududi o‘qqa tutilishi oqibatida jami olti kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi yaralanganini xabar qilgan. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbariyati Donetskka berilgan zarba oqibatida 13 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.

Kiyevdan 25 km masofada joylashgan Brovarov shahri meri Igor Sapojko feysbukdagi sahifasida zarbalar aholi punktlariga juda yaqin hududga berilganini xabar qilgan. U portlashlardan keyin poytaxtda tutun hidi paydo bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Ukraina harbiy-havo kuchlari feysbukdagi sahifasi orqali, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketalar Kaspiy dengizi akvatoriyasida turib Tu-95 samolyotlaridan uchirilganini xabar qildi. Harbiylarning tasdiqlashicha, tonggi soat 6 atrofida Kiyev yo‘nalishida bir qancha raketalar uchirilgan, ulardan biri havo hujumidan mudofaa tizimi orqali yo‘q qilingan.

Zavodda harbiy texnikalar bo‘lganmi?

Yakshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov Kiyevga berilgan zarbalar nishoni Kiyev atrofidagi «vagon ta’mirlash korxonalari korpusi»ga joylashtirilgan ukrain zirhli texnikalari bo‘lgan.

«Rossiya harbiy kosmik kuchlari yuqori aniqlikdagi raketalar bilan Kiyev atrofida Sharqiy Yevropa davlatlari tomonidan yetkazib berilgan T-72 tanklari va boshqa zirhli texnikalarni yo‘q qildi», deya ma’lum qilgan Konashenkov [iqtibos TASS agentligiga tegishli].

Ukraina temiryo‘llari rahbari Oleksandr Kamishin rossiyaliklarning Darnitskiydagi vagon ta’mirlash zavodida harbiy texnika bo‘lgani haqidagi da’vosini rad etgan.

«Bugun tongda rossiyalik harbiylar yana bir bor temiryo‘l infratuzilmasini o‘qqa tutishdi. To‘rtta raketa bilan Darnitsa daryosining so‘l sohilida joylashgan vagon ta’mirlash zavodiga zarba berildi. Umuman olganda, bu biz uchun odatiy kun boshlanishi bo‘lib qoldi. Ular doimiy ravishda har kuni temiryo‘llarga zarba berishmoqda, biz esa tezda ta’mirlab, ishni davom ettiryapmiz. Temiryo‘lchilardan biri yaralangan, unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan», deya yozgan Kamishin o‘z telegram-kanalida.

U bu zavodda tanklar ta’mirlanmasligini aytgan va buning isboti uchun OAV vakillarini korxona hududiga taklif etgan.

«Rasman ma’lum qilamanki, Darnitskiy vagon ta’mirlash zavodi hududida harbiy texnikalar yo‘q edi. Bu zavodda yarimvagonlar va eksport mahsulotlari tashishda foydalaniladigan zernovozlar ta’mirlangan.

Biz tasdiqlaymizki, Rossiya yana bir bor aldadi. Ularning haqiqiy nishoni - iqtisodiyot va tinch aholi. Ular ukrain mahsulotlari eksportini to‘sib qo‘yishni maqsad qilishgan», degan u.

«Energoatom»dagilar Kiyev tomonga uchirilgan raketalardan biri Janubiy-Ukraina atom elektr stansiyasi ustidan juda past balandlikda uchib o‘tganini xabar qilishgan. Bu holat aks etgan tasvirlar tarqatilgan.

Kompaniya «rossiyaliklar hamon raketaning kichik bir parchasi ishlab turgan energoblokka kelib tushishi, yadroviy falokat va radiatsiyaga sabab bo‘lishini tushunmayotgani»ni qayd etgan.

Kiyevga berilgan zarba bo‘yicha Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham tvitteri orqali munosabat bildirdi: «Kimdir «[Rossiyu]ni kamsitmaslik»ni so‘rayotgan mahalda, Kreml navbatdagi qabih hujumlarga o‘tmoqda. Kiyev bo‘ylab berilgan bugungi raketa zarbalaridan maqsad faqat bitta - imkon qadar ko‘proq [ukrainlarni] o‘ldirish. Bu kabi terrorizm aktining har biriga Yevropa poytaxtlarida qat’iy javob qaytarilishi kerak - yangi sanksiyalar, ko‘proq qurollar bilan».

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyani «kamsitmaslik»ka chaqirgan, bu esa ukrain siyosatchilarining keskin tanqidlariga uchragandi.

Bu Kiyev aprel oyidan buyon ilk bor o‘qqa tutilishidir. Shaharga so‘nggi bor 29 aprelda zarba berilgandi. O‘shanda bir kishi - jurnalist Vera Girich halok bo‘lgan, 10 kishi yaralangandi.

Mavzuga oid