O‘zbekiston | 08:13 / 07.06.2022
7766
4 daqiqa o‘qiladi

Paralimpiyachilarning matonat maktabi tashkil etilmoqda

Prezident “Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Paralimpiyachilarning matonat maktabi tashkil etildi.

Quyidagilar Matonat maktabining asosiy vazifalari etib belgilandi:

a) yoshlar, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish sohasida:

ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallalarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, paralimpiyachilarning o‘z hayot yo‘llarida qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganliklari haqida suhbatlar o‘tkazish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar ijtimoiy hayotining turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga taklif va tavsiyalar kiritish;

vatan shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilm-ma’rifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga singdirib borish;

yoshlarga yuqori natijalarga erishgan shaxslarni o‘rnak qilib ko‘rsatish orqali ularni matonatli etib tarbiyalash, shu maqsadda ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob, kitobxonlik kechalari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etish;

yoshlarda qadimiy tariximiz va madaniyatimiz bilan, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashish;

b) yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasida:

o‘sib kelayotgan yosh avlodni paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida maxsus ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini o‘tkazishda qatnashish;

iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni parasport turlariga yo‘naltirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish;

yoshlarning xalqaro parasport tadbirlari va musobaqalari, forum va konferensiyalardagi ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish.

Belgilanishicha:

Matonat maktabi Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil qilinadi;

Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Matonat maktabiga rahbarlik qiladi;

Matonat maktabi faoliyatini moliyalashtirish manbalari bo‘lib davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi;

Matonat maktabining tashkil etilishi munosabati bilan Milliy paralimpiya qo‘mitasiga qo‘shimcha 2 ta shtat birligi ajratiladi;

Matonat maktabiga hududlarga borib kelish va tadbirlarda ishtirok etish uchun 1 ta yengil avtomobil, 1 ta avtobusni xarid qilish uchun mablag‘lar va ularni saqlash uchun limit ajratiladi.

Mavzuga oid