Jamiyat | 10:25 / 08.06.2022
24262
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Toshkentdan yo‘lga chiqqan avtobus yonib ketdi

To‘rtko‘l tumani hududidan o‘tgan avtomagistral yo‘lida harakatlanayotgan avtobusda yong‘in sodir bo‘ldi.

Foto: FVV

Bugun, 8 iyun kuni soat 03:14 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumani «Oq qamish» OFY hududidan o‘tgan A-380 avtomagistral yo‘lining 555-kilometrida avtobus yonib ketdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, Toshkent shahridan Nukus shahriga salonida 55 nafar yo‘lovchi va 2 nafar haydovchi bilan harakatlanib kelayotgan «Yutong» rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobusda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman FV bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 03:40 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 04:15 da bartaraf etilgan. Yong‘in natijasida avtobus to‘liq yonib zararlangan.

Yong‘in elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

FVV xabariga ko‘ra, eng yaqin yong‘in o‘chirish qismidan yong‘in ro‘y bergan manzilgacha bo‘lgan masofa taxminan 45 kilometrni tashkil etadi.

Mavzuga oid