O‘zbekistondan tarixiy buyumlar noqonuniy olib chiqib ketilishining oldi olindi
Amaldagi tartiblarga muvofiq ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekistondan olib chiqib ketish mumkin emas.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Farhod” chegara bojxona postida qo‘shni davlatga yo‘l olgan piyodalardan biri ushlandi.
Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu shaxs belgilangan tartibda xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, egnidagi kiyimi cho‘ntagida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan tangalar borligi aniqlandi.
Tangalar tilladan ishlangan va tarixiy bo‘lib chiqdi. Ushbu shaxs 1897-1903 yillarda chor Rossiyasi davrida zarb etilgan 24 dona tilla tangalarni yashirincha olib chiqmoqchi bo‘lgan. Mahalliy aholi ko‘pincha “Nikolay tangalari” deb ataydigan ushbu numizmatika ashyolarning umumiy og‘irligi 128 grammni, qiymati esa, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 145 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
“Navoiy” chegara bojxona postida aniqlangan holatda esa respublikadan chiqib ketayotgan yuk avtotransport vositasi haydovchisi respublikadan olib chiqish uchun tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan misdan ishlangan ko‘za, qopqoqli tovoq, jyezda ishlangan lagan hamda 117 yil avval ishlab chiqarilgan “Tula” samovarini olib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Joriy yil o‘tgan 5 oyi davomida bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolingan noyob tarixiy va madaniy boyliklar soni o‘tgan yil mos davriga nisbatan 2,3 barobarga ortgan. Aniqlangan 75 ta qonunbuzarlik holatida 896 dona tarixiy va madaniy boyliklar noqonuniy olib chiqilishi oldi olindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
17:07
Xitoyning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi kamaydi
08:15 / 23.12.2024
Bojxona postidan 1,3 mln rublni yashirincha olib chiqish urinishi aniqlandi
10:31 / 22.12.2024
Bojxona postidan 9 oylik chaqalog‘ining kiyimlariga dori yashirib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
19:33 / 05.12.2024