Jamiyat | 20:15 / 11.06.2022
2758
2 daqiqa o‘qiladi

Zominda sel kelib, hovlilarni va ekin maydonlarini bosdi

Kuchli yomg‘ir uchta qishloqda sel oqishiga va aholi yashash uylarining hovlisi, ekin maydonlarini suv bosishiga sabab bo‘lgan.

Foto: FVB matbuot xizmati

Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun, 11 iyun kuni Zomin tumanining «Duoba» QFYda qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari kuzatilgan.

Kuchli jala yomg‘irlari yog‘ishi oqibatida, Usmonlisoy, Suvlisoy va Sarkamar qishloqlaridan o‘tgan ariq suvlari o‘zandan toshib chiqib, yondosh hududda joylashgan ayrim aholi yashash uylarining hovlisi, ekin maydonlarini suv bosgan.

Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat FVB rahbariyati va qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borishgan.

«Hozirda qutqaruvchilar tomonidan suv oqimlarini xavfsiz o‘tkazib borilishini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Vaziyat to‘liq nazorat ostiga olingan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q», deyiladi viloyat FVB xabarida.

Avvalroq, «O‘zgidromet» 10−14 iyun kunlari O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi sababli tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel kelish xavfi haqida ogohlantirgandi.

Mavzuga oid