O‘zbekiston | 22:02 / 18.06.2022
65454
7 daqiqa o‘qiladi

Final chiptalari sotuvga chiqmasidanoq egalarini topgan - Kun.uz surishtiruvi

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni olimpiya jamoalari o‘rtasidagi Osiyo chempionati finali uchun eng yaxshi sektorlar chiptalarining aksariyati sotuvga chiqarilmay turib egalarini topib ulgurgan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, onlayn sotilishi kerak bo‘lgan minglab chiptalar amaldorlar va “yo‘lini qilolgan” tanishi borlar uchun avvaldan band qilib qo‘yilgan. Ulardan ortgan chiptalargina sotuvga chiqarilgan.

Foto: KUN.UZ

Ertaga, 19 iyun kuni Toshkentda o‘tayotgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi finali bo‘lib o‘tadi. Kubok uchun O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni olimpiya jamoalari maydonga chiqadi.

Musobaqa Toshkentda bo‘layotgani va hal qiluvchi bahsda o‘zbekistonliklar to‘p surayotgani uchun ham final uchrashuvini bevosita stadiondan turib kuzatish ishtiyoqida bo‘lgan muxlislar soni har qachongidan yuqori.

Biroq futbol ishqibozlarining final uchun chipta topishi oson kechayotgani yo‘q. “Bunyodkor” stadioni kassalarida 17 iyun tushdan so‘ng sotuvga chiqarilgan final chiptalari uchun hali ular kassaga yetib kelmay turib uzundan uzoq navbatlar yuzaga keldi.

Chipta olish uchun kelgan muxlislarning ma’lum qilishicha, kassalar ochilgan vaqtda markaziy sektorlarda chipta bo‘lmagan, talabgorlarga faqat darvoza orti hamda chekka tribunalardagi joylar taklif qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiptalar savdosi endigina boshlangan vaqtda markaziy tribunalardagi joylar allaqachon olibsotarlar tomonidan sotib olingani va chetroqda belgilangan narxidan 3-4 barobar qimmatga sotilayotgani haqidagi videolar tarqaldi.

Avvalroq final o‘yini uchun chiptalar sektoriga qarab 100, 50 va 25 ming so‘mdan sotilishi ma’lum qilingandi. Biroq talab yuqori joylar har doimgidek olibsotarlarning qo‘liga o‘tib ketgan, ular qisqa vaqt ichida ko‘p miqdordagi chiptalarni qanday qilib qo‘lga kiritishgani bizga qorong‘i, lekin markaziy va boshqa sektorlarning chiptalari allaqachon qo‘lda va internetda sotilmoqda.

Jumladan, Olx.uz saytida 5D sektoridan 8 ta yonma-yon joy 700 ming so‘mdan, 1A hamda 6E sektorlarning chiptalari mos ravishda 50 va 40 dollardan, 5A sektorniki 550 ming so‘mdan, 6H sektorniki 500 ming so‘mdan, 7A sektorniki 300 ming so‘mdan sotilmoqda.

Internet foydalanuvchilari stadionning CIP sektorida joylar 3,3 mln so‘m narx bilan sotuvga qo‘yilganini aniqlashdi.

Shuningdek, 400 ming, 350 ming, 250 ming, 220 ming, 200 ming va 100 ming so‘m evaziga istalgan joyingizdan xohlagan miqdoringizda chipta topib berishini aytib e’lon joylaganlar ham ko‘p.

Biroq bu hammasi emas. Aslida bular “mayda baliqlar” bo‘lishi mumkin. Chunki e’lonlar orqali sanoqli biletlarni sotayotganlar shunchaki vaziyatdan foydalanib qolish istagidagi odamlar bo‘lishi ehtimoli yuqori. Haqiqiy “akulalar” hali kassa ochilmay turib markaziy sektor chiptalarini oldindan sotib oladigan darajada qo‘li uzun kimsalardir.

Ular “biznesi”ni stadion atrofiga qurishgan.

Shu bois ham ko‘plab futbol ishqibozlari internet ommalashgan bugungi kunda chiptalarni oflayn sotish yo‘lga qo‘yilganini tanqid qilayotgan, onlayn savdo ancha shaffof va halol ekanini aytib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini ishni to‘g‘ri tashkil etmaganlikda ayblashayotdi. Lekin Kun.uz surishtiruvi davomida chiptalarning onlayn savdosi ham qing‘irlikdan xoli emasligini aniqladi.

Final chiptalarining ma’lum qismi iticket onlayn platformasi orqali 17 iyun soat 18:00da sotuvga chiqarilishi xabar qilingandi, biroq bu vaqtga kelib sayt ishida uzilishlar ro‘y bera boshladi.

O‘FA matbuot va media departamenti boshlig‘i Davron Fayziyevning ma’lum qilishicha, iticket kompaniyasi buni saytga tashrif buyuruvchilar soni keskin oshib ketgani va buning natijasida texnik nosozlik yuzaga kelgani bilan izohlagan.

Muammo bartaraf etilgach, soat 23:00gacha 10 mingta, so‘ngra yarim tunda qayta sotuv boshlanib tonggi soat to‘rtgacha iticket platformasi uchun ajratilgan barcha chiptalar to‘liq sotilgani ma’lum bo‘ldi.

Telegram-kanallarda final chiptalari iticket.uz saytida hali sotuvga chiqmay turib “bron” qilingani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Kun.uz manbasi bu ma’lumotni tasdiqladi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan manbaning aytishicha, chiptalar chindan ham onlayn savdo boshlanmasidan oldin egalarini topib ulgurgan. U bu so‘zlarini tasdiqlovchi ma’lumotlarni Kun.uz'ga taqdim etdi.

iticket.uz orqali chiptalar 17 iyun kuni soat 18:00 da savdoga chiqarilgan bo‘lib, ungacha foydalanuvchilar saytga kira olmagan. Biroq yuqoridagi skrinshotlarda ko‘rish mumkinki, 16 iyun kuni hamda 17 iyun kunlari 18:00 gacha ko‘plab operatsiyalar amalga oshirilgan, joylar bron qilingan yoki sotilgan.

Qizig‘i, olg‘irlar ommaviy savdolar boshlangan 18:00 gacha ham chiptalarni oldindan “bronlash”ni davom ettirishgan.

Kun.uz manbasi tomonidan taqdim etilgan skrinshotlarni tahlil qilish asnosida qiziq ma’lumotlarga ham duch keldik. Chunonchi futbolchilarning oilalari uchun jami 580 ta, “KDB bank” uchun 251 ta, qandaydir “Mirsulton” uchun 120 ta, “Nodir aka Ozoda Nur” uchun 100 ta, “Leyla Payme” uchun 23ta chipta oldindan band qilib qo‘yilgan.

Shu bilan birga, tahririyatga taqdim etilgan ma’lumotlarda iticket.uz orqali talab yuqori bo‘lgan sektorlardagi joylar ko‘tarasiga “bron” qilingani aks etgan. Biroq negadir bu operatsiyalarda xaridorlarning ismlari ko‘rsatilmagan.

3F sektoridagi 208 ta va 237 ta, 3E sektoridagi 234 ta, 3S sektoridagi 235 ta, 3A sektoridagi 268 ta, 2A sektoridagi 257 ta va boshqa ko‘plab joylarning chiptalari ommaviy bron qilib qo‘yilgan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, bu ishlarning barchasi chiptalar ommaviy savdoga chiqarilguncha amalga oshirilgan.

Ijtimoiy tarmoqda iticket.uz sayti orqali Ravshan Ermatov 400ta, Odil Ahmedov 100 bilet sotib olgani aks etgan skrinshotlar tarqaldi. Hozirga qadar O‘FA bu skrinshotlarning haqiqatga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligi haqida bayonot bergani yo‘q.

Mavzuga oid