Senatorlar Kinematografiya agentligi faoliyatini tanqid qildi
Joriy yil 23 iyun kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda kinematografiyani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Kinematografiya agentligi bosh direktori axboroti eshitildi.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.
Jumladan, “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritilmagani ta’kidlandi.
Kinematografiya sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan Kinematografiya akademiyasi hamda uning qoshida filmlar ijodiy guruhi ikkinchi tarkib mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan o‘rta maxsus ta’lim muassasalari tashkil etilmagan.
Respublika hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Agentlik hududiy bo‘limlari moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgan, to‘liq faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. Ushbu bo‘limlarda kinomarketing yo‘lga qo‘yilmagan.
Kinematografiya sohasida qaroqchilikka qarshi kurashish, mualliflik huquqlarini himoya qilish, telekanallar, internet resurslari va platformalar orqali filmlar namoyishlarini tartibga solish, rag‘batlantirish va jazolash mexanizmlarini amaliyotga joriy etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Original kino mahsulotlaridan noqonuniy foydalanish hamda kontrafakt kino mahsulotlarini tarqatish, mahalliy telekanallarda xorijiy va milliy kino mahsulotlarini noqonuniy namoyish etishga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlanmagan.
Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi huzurida axborot multimedia striming platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.
Respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlarni davlat tiliga dublyaj qilingan xorijiy filmlar bilan ta’minlash tizimi joriy etilmagan.
Majlis davomida qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat vakillari hamda vazirlik-idoralar mas’ullariga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
15:48 / 20.11.2024