Shoygu Putinga Lisichansk egallangani haqida hisobot berdi
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi Lisichansk shahri rus harbiylari nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 3 iyul kuni Ukrainaning Lugansk oblasti tarkibidagi Lisichansk shahri Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgani haqida Rossiya prezidenti Putinga hisobot bergan.
Bayonotda keltirilishicha, rossiyalik harbiylar Lisichansk atrofidagi Belogorovka, Novodrujyesk, Maloryazansova va Beloya Gora aholi yashash punktlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan. Rossiya Mudofaa vazirligi so‘nggi bir kun davomida 182 kvadrat kilometr hududni «ozod qilgani» haqida xabar bergan.
Ukraina armiyasi Lisichansk to‘liq ruslar nazoratiga o‘tganini rad etmoqda. So‘nggi vaqtlarda Ukraina armiyasi bu hududda nimalar sodir bo‘layotgani haqida xabar bermay qo‘ydi, chunki strategik muhim bo‘lgan Lisichanskning boy berilgani Lugansk oblasti qo‘ldan ketganini bildiradi.
Ammo bu Rossiyaning «Donbassni qutqarish operatsiyasi» tugaganidan dalolat bermaydi, chunki Ukraina hamon Donetskdagi ba’zi katta shaharlarni nazorat qilmoqda. Ukraina armiyasi Baxmut va Slovyansk o‘rtasida mudofaa chiziqlari tashkil qilmoqchi.
24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya 22 fevral kuni o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» va «Lugansk xalq respublikasi» mustaqilligini tan olgandi. Keyinroq Rossiya «DXR» va «LXR»ni Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralarida tan olishini ma’lum qildi. Chunki 2014 yilgi to‘qnashuvlar vaqtida bu ikki oblastning yarmidan kamroq qismigina ruslar qo‘llayotgan ayirmachilar tasarrufiga o‘tgandi.
Rossiya 24 fevralda Ukrainaning barcha hududlarida, xususan, Kiyevda ham harbiy harakatlar boshlagandi, rossiyalik harbiylar bir oydan oshiq vaqt mobaynida poytaxtni egallash uchun urinishlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragach, shimoliy hududlardan chekinishga qaror qildi. Rossiyada «maxsus harbiy amaliyot» deb atash qabul qilingan urushning ikkinchi qismida Rossiya asosiy maqsadi «Donbassni qutqarish» ekanini iddao qildi. «Donetskiy ugolnyy basseyn» (Donetsk toshko‘mir havzasi) nomining qisqartmasi o‘laroq Donbass deb ataladigan hududda Ukrainaning 20 dan ortiq shaharlari joylashgan. Xususan, Donetsk va Lugansk ham.
Mavzuga oid
14:45 / 26.12.2024
Zaxarova: Ukraina mustaqil ravishda yadro qurolini yaratishga qodir emas
11:53 / 26.12.2024
Zelenskiy Ukrainaning Germaniyadagi elchisini almashtirishga qaror qildi
08:05 / 26.12.2024
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
21:53 / 25.12.2024