Favqulodda holat va komendatura: Qanday huquq va majburiyatlar bor?
Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 3 iyuldan 2 avgustgacha favqulodda holat joriy etilib, ushbu davrda tungi vaqt uchun komendantlik soati amal qilishi belgilandi. Xo‘sh, favqulodda holatga nimalar kiradi? U qancha muddatga, kim tomonidan joriy qilinadi va bu davrda nimalar taqiqlanadi? Ushbu maqolamizda shu kabi savollarga qonunchilik asosida javob berishga harakat qilamiz.
2021 yil dekabr oyida qabul qilingan “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun – O‘zbekistonning butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holat joriy etish shartlari va tartiblarini belgilab beradi.
Hujjatga asosan, favqulodda holat fuqarolar hayotiga, sog‘lig‘iga va xavfsizligiga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga va (yoki) hududiy yaxlitligiga bevosita tahdid soladigan holatlar hamda favqulodda choralar qo‘llamasdan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan alohida holatlarda joriy etiladi.
Bunday holatlar jumlasiga real tashqi xavflar, ommaviy tartibsizlik va terrorchilik harakatlari, diniy, milliy va chegaraviy nizolar, shuningdek, yirik halokatlar, epidemiyalar va boshqalar kiradi.
Qonunga ko‘ra, favqulodda holat prezident farmoni bilan joriy etiladi hamda uch sutka ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Favqulodda holatning amal qilish muddati – O‘zbekistonning butun hududida o‘ttiz sutkadan, ayrim hududlarda esa oltmish sutkadan oshishi mumkin emas. Shuningdek, favqulodda holatni joriy etish maqsadlariga erishilmagan bo‘lsa, uning amal qilishi prezident farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin.
Favqulodda holatning to‘liq, qisman yoki muddatidan ilgari tugatilishi ham prezident farmoni bilan amalga oshiriladi.
Favqulodda holat amal qilish davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi mumkin:
- favqulodda holat joriy etilgan hududda davlat boshqaruvi va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish;
- favqulodda holat joriy etilgan hudud bo‘ylab harakatlanish erkinligiga nisbatan cheklovlar;
- mazkur hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimi yoki kirish-chiqishni butunlay to‘xtatish;
- jamoat tartibini, muhim obektlar hamda aholining hayot faoliyati muhofazasini kuchaytirish;
- faoliyatning ayrim turlarini ko‘rsatishga nisbatan cheklovlar joriy qilish hamda oziq-ovqat, eng zarur narsalarni taqsimlashning alohida tartibi;
- yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar, shuningdek, boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini taqiqlash yoki cheklash;
- transport vositalari harakatini cheklash, ularni tekshirish va boshqalar.
Bundan tashqari, yuqoridagi cheklovlarga qo‘shimcha ravishda prezidentning tegishli farmoni bilan quyidagi qo‘shimcha choralar va vaqtinchalik cheklovlar ham kiritilishi mumkin:
- komendantlik soatini joriy etish;
- hududiy mudofaa tadbirlarini amalga oshirish;
- shartlari va tartibini ko‘rsatgan holda OAVlar faoliyatini cheklash;
- fuqarolar va xorijiy fuqarolarning hujjatlari hamda barcha ashyolarini ko‘zdan kechirish;
- qurol, o‘q-dorilar, psixotrop moddalar hamda alkogol mahsulotlari muomalasining alohida rejimini belgilash;
- favqulodda holat rejimini buzayotgan va ushbu hududda yashamaydigan shaxslarni o‘z hisobidan chiqarib yuborish;
- aholini xavfsiz hududlarga vaqtincha yashab turish uchun majburiy evakuatsiya qilish (statsionar yoki ko‘chma turar joy berilgan holda);
- karantin joriy etish;
- davlat va mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning resurslarini safarbar etish, ularning ish rejimini o‘zgartirish;
- avariya-qutqaruv ishlari zarurati bo‘lganda mehnatga layoqatli aholini, yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalarini majburiy ravishda jalb etish mumkin bo‘ladi.
Favqulodda holat joriy etilishi sabablariga qarab, yuqoridagi favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlarning butun majmui ham, ularning ayrimlari ham joriy etilishi mumkin. Ayni vaqtda Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan favqulodda holatda belgilangan cheklovlar bilan ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.
Qonunchilikda O‘zbekistonning butun hududida joriy etilgan favqulodda holat davrida saylovlar va referendumlar o‘tkazilmasligi belgilangan. Ayrim hududlarda joriy etilgan favqulodda holat davrida esa ushbu joyda joylashgan xalq deputatlari Kengashlariga saylov va fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi o‘tkazilmaydi.
Favqulodda holat davrida vakolat muddati tugagan mansabdorning vakolatlari esa favqulodda holatning amal qilish davri tugaguniga qadar uzaytiriladi.
Bundan tashqari, favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonga zid bo‘lgan prezident va hukumat hujjatlari, shuningdek mahalliy hokimiyat organlari qarorlari favqulodda holatning amal qilish muddatiga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.
Qonunga ko‘ra, favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha maxsus davlat boshqaruvi organlari Davlat komissiyasi yoki hudud komendaturasi tuziladi.
Maxsus davlat boshqaruv organlariga favqulodda vaziyatga asos bo‘lgan holatlarni bartaraf etish hamda hududni boshqarish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazish kabi asosiy vazifalar yuklanadi.
Davlat komissiyasi favqulodda holatni joriy etishga asos bo‘lgan holatlar to‘liq yoki qisman bartaraf qilinganda, prezidentga cheklovlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish yoki ushbu rejimni tugatish to‘g‘risida taklif kiritadi.
Shuningdek, komissiya prezidentga va hukumatga favqulodda holat rejimini ta’minlash masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish uchun kiritish huquqiga ega.
Favqulodda holat joriy etilgan hududda favqulodda holat rejimini ta’minlovchi kuchlar va vositalarning yagona boshqaruvini amalga oshirish uchun prezident farmoni bilan hudud komendanti tayinlanadi.
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston hududining komendaturasi tashkil etilgan bo‘lib, unga Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev komendant etib tayinlangan.
Prezidentga yoki Davlat komissiyasiga bo‘ysunuvchi hudud komendanti favqulodda holat joriy etilgan hududda favqulodda holat rejimini ta’minlash masalalari yuzasidan barcha davlat boshqaruvi organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolar tomonidan tegishli hududda bajarilishi shart bo‘lgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi.
Agar prezidentning favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, komendatura tashkil etilgan hududda faoliyat yurituvchi davlat boshqaruvi organlari faoliyati to‘xtatilmaydi.
Favqulodda holat rejimini ta’minlash uchun Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, DXX va Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlarning kuch va vositalaridan foydalaniladi.
Bundan tashqari, Favqulodda holat rejimini saqlab turish uchun qo‘shimcha ravishda Mudofaa vazirligining kuch va vositalari ham jalb etilishi mumkin.
Avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish hamda ta’minlash uchun jalb etilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash kafolatlanadi.
Qonunchilik bo‘yicha, favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lgan holatlarni yo‘q qilish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha choralar qo‘llanishi natijasida jabrlangan shaxslarga, shuningdek favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar oqibatida zarar ko‘rgan shaxslarga ushbu zararning o‘rni hukumat tomonidan belgilangan tartibda qoplab berilishi kerak.
Shuningdek, qonunchilikda favqulodda holat rejimini saqlab turishda qatnashgan kuch tuzilmalari xodimlari va boshqa shaxslarga hukumat qarori bilan qo‘shimcha kafolatlar va kompensatsiyalar berilishi nazarda tutilgan.
Favqulodda holat sharoitlarida qo‘llanadigan choralar va vaqtinchalik cheklovlar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalariga zid bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, bu cheklovlar fuqarolar va insonning O‘zbekiston Konstitutsiyasining 24, 25, 26-moddalarida, 27-moddasining birinchi qismida, 30, 31 va 44-moddalarida nazarda tutilgan huquq va erkinliklarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi.
«Favqulodda holat to‘g‘risida«gi qonunda nazarda tutilgan cheklovlarni kengaytirib talqin etish va boshqa cheklovlarni belgilash mumkin emas.
Favqulodda holat sharoitida jismoniy kuch ishlatishning, jangovar va maxsus texnikani hamda o‘qotar qurolni qo‘llashning qonunlarda belgilangan shartlari va chegaralari favqulodda holat sharoitlarida o‘zgartirilmaydi.
Xususan, “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga ko‘ra, komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslar komendantlik soati tugaguniga qadar ushlab turiladi, yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan shaxslar esa ichki ishlar organi boshlig‘ining qaroriga ko‘ra ko‘pi bilan yigirma to‘rt soat muddatga ushlab turilishi mumkin.
Ushlab turilgan shaxslar, ularning yonida bo‘lgan narsalar va hujjatlar, shuningdek ularning transport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilishi mumkin. Shaxslarni saqlash tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish prokuror tomonidan amalga oshiriladi.
Favqulodda holatning amal qilish muddati tugaganda huquqlarni vaqtincha cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar ham bir vaqtda tugatiladi. Bundan tashqari, bu favqulodda holat rejimini buzish to‘g‘risidagi ma’muriy ish yuritishning tugatilishiga va ma’muriy yo‘l bilan ushlab turilgan shaxslarning yoki mazkur huquqbuzarlik uchun ma’muriy qamoqqa olinganlarning darhol ozod etilishiga sabab bo‘ladi.
Favqulodda holat joriy etilgan hududda sudlov jarayonlari faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Sudlarning boshqa shaklini tuzish, tezlashtirilgan yoki favqulodda sud ishlarini yuritishning har qanday shakllariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunga muvofiq, Oliy Majlis favqulodda vaziyatga doir farmonni tasdiqlagach Tashqi ishlar vazirligi 3 kun muddatda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini insonning fuqarolik va siyosiy huquqlarini vaqtincha cheklash hajmi hamda favqulodda holatni joriy etish shartlari to‘g‘risida xabardor qiladi.
Shuningdek, TIV O‘zbekistonning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etilganda, farmon tasdiqlangach 24 soat ichida chegaradosh davlatlarni favqulodda holatni joriy etishga asos bo‘lgan holatlar to‘g‘risida xabardor qilishi kerak.
Milliy gvardiya axborot xizmati boshlig‘i Davron Jumanazarovning ma’lum qilishicha, ayni damda hudud komendantining buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘istonda tuman-shaharlarda komendant vazifalarini bajarish ichki ishlar idoralari boshliqlariga yuklatilgan.
Shuningdek, aholi zarur savollar bo‘yicha komendaturaning 1215 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, javob olishi mumkin.
Mavzuga oid
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
22:48 / 18.09.2024
Britaniyada kapalaklar kamayib ketayotgani tufayli «favqulodda holat» e’lon qilindi
11:10 / 16.08.2024
Belgorod viloyatida federal darajadagi favqulodda holat rejimi joriy etilmoqda
12:14 / 14.08.2024