O‘zbekiston | 13:39 / 04.07.2022
36172
3 daqiqa o‘qiladi

Nukusdagi kasalxonalarda 94 bemor davolanmoqda, ularning ba’zilari og‘ir ahvolda

Milliy gvardiyaning ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda 250 nafarga yaqin fuqaro jarohatlangan.

Foto: Kun.uz

1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklar natijasida 243 nafar fuqaro turli jarohatlar bilan shifoxonalarga murojaat qilgan. Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati boshlig‘i Davron Jumanazarov ma’lum qildi.

Shifokorlarga murojaat qilganlarning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolajalarni uyida davom ettirishga ruxsat berilgan. Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda va og‘ir ahvolda bo‘lganlari bor.

«Shu jumladan, jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor. Masalan, Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Qo‘riqlash boshqarmasi safdori ko‘krak qismidan o‘qotar jarohat olgan, shu boshqarmaning yana bir safdori chap oyoq boldiri suyagi yopiq sinishi, 1 nafari Jizzax Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchisi bosh miya ochiq jarohati hamda Toshkent shahri Milliy gvardiya boshqarmasi serjanti bosh miya ochiq jarohati bilan davolanishyapti», degan Milliy gvardiya rasmiysi.

Bosh prokuraturaning aniqlik kiritishicha, 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan.

Respublikadagi barcha oziq-ovqat do‘konlari, bozorlar, non chiqaruvchi korxonalar, birja savdolari, banklar va bankomatlar, shifoxona va boshqa ijtimoiy soha obektlari faoliyati to‘liq olib borilyapti.

Aholiga elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bir maromda yetkazib berilmoqda.

«Shu bilan birga tushuntirib o‘tmoqchimiz, oilalarda o‘tkaziladigan marosimlar, misol uchun, mahallalarda tashkillashtirilayotgan sport musobaqalari, vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar, nuroniy yoki yeshlar bilan uchrashuvlarni o‘tkazishga joylardagi mahalla raislari, mahalliy hokimiyat idoralarining so‘rovi asosida komendant ruxsati bilan 21:00 ga qadar o‘tkazilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hudud komendantining buyrug‘i bilan tuman-shaharlarda komendant vazifalarini bajarish Ichki ishlar idoralar boshliqlariga yuklatilgan, ular xususan ruxsatnomalarni ham berish vakolatiga ega.

Yana bir bor eslatmoqchimiz, zarur savollar bo‘yicha komendaturada 1215 qisqa raqam tashkil qilingan, favqulodda holat yoki komendantlik soati tartiblari bo‘yicha fuqarolarning savollariga javob beriladi.

Farmon talablariga to‘liq va so‘zsiz rioya qilish va komendantlik soatiga amal qilishni iltimos qilamiz. Feyk va yolg‘on xabarlarga ishonmang», deyiladi Milliy gvardiya bayonotida.

Mavzuga oid