Iqtisodiyot | 16:12 / 05.07.2022
21429
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarildi, rubl kursi tushmoqda

Rubl kursi ketma-ket uchinchi bor tushdi.

Markaziy bank xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 6 iyulda amalda bo‘ladigan qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 23,45 so‘mga ko‘tarilib, 10 860,14 so‘mni tashkil qildi. Yevro 132,98 so‘mga pastlab, 11 182,69 so‘m bo‘ldi. Rubl 10,70 so‘mga tushib, 185,88 so‘m bo‘ldi.

Bundan avval dollar kursi ketma-ket ikki kun tushib, 10 836,69 so‘mni tashkil qilgandi.

Ma’lumot uchun, Ukrainadagi urush boshlangan kunlarda O‘zbekistonda rubl kursi 140 so‘m atrofida edi, keyingi haftalarda kurs 80 so‘mdan ham pastga tushib ketgan (3 mart kuni 100 so‘mdan pastga tushgan, 9 mart kuni 79,89 so‘mni tashkil etgan), ammo mart oyining ikkinchi yarmida kurs mustahkamlana boshlagan (17 mart kuni 100 so‘mdan oshgan). Shundan keyin rubl kursida qulash kuzatilmagan, aprel oyi boshiga kelib kurs urushdan oldingi holatiga qaytgan, oy oxirida 150 so‘mdan, may oyi boshida 160 so‘mdan ham oshgandi. May oyi oxirida qariyb 200 so‘mga yaqinlashgan kurs, keyingi hafta mobaynida yana ortga qaytadi, lekin 23 iyunda kurs 200 so‘mlik nuqtadan ham o‘tadi va 30 iyun kuni o‘zining yuqori nuqtasiga chiqadi (212,43 so‘m). Iyul oyidan esa rubl kursi tushmoqda.

Mavzuga oid