«O‘z ishimizni tanqidiy qayta ko‘rib chiqishimiz lozim» - Tanzila Norboyeva Nukus voqealariga munosabat bildirdi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qoraqalpog‘istondagi voqealardan hamma to‘g‘ri xulosa chiqarishi va o‘z ishini tanqidiy qayta ko‘rib chiqishi kerakligi, xalq vakillari sifatida bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligi uchun birinchi navbatda senatorlar mas’ul ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Bugun, 8 iyul kuni Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisning ochilish qismida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qoraqalpog‘istondagi voqealarga munosabat bildirib o‘tdi.
«Qoraqalpog‘istonda ayrim noxush hodisalar sodir bo‘lganidan barchangizning xabaringiz bor. Ayrim kuchlarning qanchalik harakat qilishiga qaramasdan bo‘lib o‘tgan bu hodisalar hech qachon xalqimizning birdamligiga raxna sola olmasligi guvohi bo‘ldik.
Shu bilan birga sodir bo‘lgan bu holatda hammamiz o‘zimizga to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz va o‘z ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Kuni kecha prezidentimiz huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari ham bu masalaga alohida e’tibor qaratdi.
Avvalo bu voqealar barcha masalalar xalq bilan hamnafas tarzda va o‘z vaqtida yechilishiga barcha davlat organlari va idoralarining kuchi va resurslarini jalb qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammo va masalaning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ularning har birining yechimi muhimdir.
Har qanday kichik deb qaralgan masala o‘z yechimini topmagan taqdirda, albatta bir kuni katta muammoga aylanadi. Xalq vakillari sifatida bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligi uchun birinchi navbatda biz mas’ulmiz! Muxtasar qilib aytganda, o‘z ishimizni tanqidiy qayta ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, Qoraqalpog‘istondagi voqealarda qurbon bo‘lgan hamyurtlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga o‘zim hamda senatorlarimiz nomidan hamdardlik bildiraman va sabr tilayman, shifoxonalarda davolanayotgan fuqarolarimizga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilaymiz», deya ta’kidladi Senat raisi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
23:49 / 20.12.2024
O‘zbekistonning migratsiya siyosatini ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkiloti ham ishtirok etadi
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024