Jahon | 19:21 / 09.07.2022
11514
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya mudofaa vaziri bosh vazirlikka nomzodini qo‘ymasligini bildirdi

YouGov kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Ben Uolles bosh vazirlikka favorit hisoblanayotgandi.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles bosh vazir lavozimini egallaydigan Konservativ partiya rahbarligiga o‘z nomzodini ilgari surmasligini bildirdi

«Uzoq o‘ylaganimdan va hamkasblar hamda oilam bilan muhokama qilganimdan so‘ng Konservativ partiya rahbarligiga kurashda ishtirok etmaslikka qaror qildim»,— deb yozdi Uolles o‘z Twitter akkauntida.

YouGov kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, Uolles bosh vazirlikka favorit hisoblanayotgandi. Konservativ partiyaning 716 a’zosi orasida o‘tkazilgan ekspress so‘rovda u 13 foiz ovoz bilan yetakchi bo‘lgandi.

7 iyul kuni Boris Jonson Konservativ partiya rahbarligi va Buyuk Britaniya bosh vazirligidan ketishini e’lon qildi.

Britaniya hukumatida bosh vazirga ishonchsizlik bilan bog‘liq jiddiy inqiroz bir necha oydan buyon rivojlanib, shu haftada avjiga chiqdi.

Jonsonning ketishi uning hukumati a’zolari tomonidan ko‘rsatilgan misli ko‘rilmagan darajadagi bosim natijasi bo‘ldi. So‘nggi kunlarda 50 dan ortiq vazirlar va vazirliklarning yuqori martabali amaldorlari, shu jumladan Jonsonning ayrim yaqin tarafdorlari - moliya vaziri Rishi Sunak va sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ham o‘z lavozimini tark etishdi.

O‘z karerasi uchun Boris Jonsondan minnatdor bo‘lsa arziydigan ichki ishlar vaziri Priti Patel va transport vaziri Grant Shapps ham bosh vazirni iste’foga chiqishga chaqirgan.

Payshanba kuni tongida Rishi Sunak o‘rniga tayinlangan yangi kansler Nadim Zahavi, bu lavozimni egallaganiga 48 soat bo‘lmay turib Jonsonni vakolatlarini topshirishga chaqirdi va «mavjud vaziyatga toqat qilib bo‘lmasligi, vaqt o‘tib vaziyat faqat yomonlashishi»ni aytdi.

Mavzuga oid