Jahon | 20:32 / 20.07.2022
24655
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda 223 bosh qoramol tiriklay yonib ketdi

Fermaga o‘t ketishi oqibatida 30 ming bog‘lam pichan ham yonib kulga aylangan. Hech kimga zarar yetmagan. Ming boshdan ortiq qoramol qutqarib qolingan.

Yong‘in Chuy viloyatidagi fermada yuz bergani, jami 2 ming metr kvadrat maydonga o‘t ketgani aytilmoqda. Hodisa oqibatida 223 bosh qoramol nobud bo‘lgan, 30 ming bog‘lam pichan yonib kulga aylangan.

Foto: Qirg‘iziston FVV

Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, yong‘inni o‘chirish uchun yettita o‘t o‘chirish brigadasi, maxsus texnikalar, gaz va elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari jalb etilgan. Favqulodda hodisa natijasida kuygan yoki halok bo‘lgan insonlar yo‘q.

Foto: Videodan kadrlar

Mahalliy OAV ming boshdan ziyod qoramol yong‘indan qutqarib qolingani haqida xabar bergan. Qo‘shni ferma egasi yong‘in boshlangan vaqtda qoramollarning arqonlarini kesib chiqqani, biroq ularning ayrimlari shunda ham og‘ilxonadan chiqib keta olmay nobud bo‘lganini aytmoqda.

Foto: Videodan kadrlar

Yong‘in qanday kelib chiqqani va yetkazilgan zarar miqdori hozircha ma’lum emas. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘in natijasida fermer ko‘rgan zarar 26 mln qirg‘iz puliga baholangan.

Avvalroq, 8 iyulda Zarafshon daryosi o‘zanidagi butazorga noma’lum shaxslar o‘t qo‘ygani oqibatida 4 gektar maydondagi butazor yonib ketgandi. Iyun oxirida esa Jomboy tumanida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog‘iga qarashli o‘rmonda yong‘in sodir bo‘lgandi.

Mavzuga oid