Sport | 23:03 / 25.07.2022
17023
2 daqiqa o‘qiladi

Maksim Shatskix - Superliga saviyasi, «Paxtakor» va Shomurodov haqida

25 iyul kuni «Paxtakor» bosh murabbiyiga aylangan Maksim Shatskix ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda mutaxassis OAV xodimlari savollariga javob berdi.

«Chempionat saviyasiga klublarning xalqaro o‘yinlari va milliy jamoa natijalariga qarab baho berish mumkin. Superligada yuqori o‘rinlar uchun jiddiy kurash kechmoqda. Milliy chempionat yildan yilga o‘sib bormoqda.

Klubga sport direktori sifatida kelgandim. Keyin bosh murabbiylikka taklif qilishdi. Bir qarorga kelishda o‘ylab o‘tirganim yo‘q. 

Har bir chiziqda 2 nafardan futbolchi bo‘lishi kerak. Futbolchilar raqobatsiz o‘smaydi. Raqobat bo‘lmasa, o‘yinchi o‘sishdan to‘xtaydi va ruhiy qiyinchilikka duch keladi.

Yetakchilar bilan shartnomani 2-3 yilga uzaytirdik. Bu murabbiylar shtabini tinchlantiradi. Jamoa shakllantirishda uzoq yillik bitimlar muhim.

Lobanovskiy taktikasidan foydalanamanmi? Futbol yillar davomida o‘zgardi va boshqa yo‘nalishda rivojlanmoqda. Hozir boshqa avlod o‘ynamoqda. Oldin ekologiya ham boshqacha edi. 

Muxlislar? Ular jamoani har qanday holatda qo‘llab-quvvatlab turishlari kerak. Qo‘rqayotganim yo‘q. Nazorat qo‘ldan chiqsa, bu yerda bo‘lmasligim aniq.

Hozir «Paxtakor» jamoasi bosh murabbiyiman, milliy jamoa haqida o‘ylamayapman. Maqsadlarimizdan biri — milliy jamoaga futbolchi yetkazib berish. Bor e’tiborim «Paxtakor» rahbariyati oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajarishga qaratilgan.

Shomurodov milliy jamoadagi gollar soni bo‘yicha (31) rekordimni (34) yangilashga yaqin? Bu yo‘lda unga omad tilayman. Uning o‘yinlarini kuzatib boraman. U — ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli hujumchisi. Afsuski, klubida kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. U milliy jamoaga foyda keltirishi uchun doim o‘ynashi kerak»,  — deya Shatskixning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Mavzuga oid