Jahon | 11:43 / 28.07.2022
12350
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda sobiq respublikachilar va demokratlar uchinchi yirik partiyani tuzmoqda

O‘nlab sobiq respublikachilar va demokratlar AQShdagi mavjud ikki partiyaviy tizimni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan markaziy pozitsiyaga ega «Oldinga» partiyasini tuzdi.

Foto: forwardparty.com

AQShdagi tarixiy ikki partiyaviy tizim uchinchi yirik siyosiy partiyani tuzish orqali o‘zgartirilishi mumkin. Bir necha o‘nlab taniqli respublikachilar va demokratlar 28 iyul, payshanba kuni «Oldinga» («Forward») nomli yangi partiya tashkil etilgani haqida e’lon qiladi, dedi uning ta’sischilari Reuters agentligiga.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi siyosiy kuch hozircha aniq kun tartibiga ega emas, ammo markaziy partiya sifatida o‘zini namoyon qilishni rejalashtirmoqda. «Amerika oldida turgan katta muammolarni qanday hal qilmoqchimiz? So‘lga ham, o‘ngga ham emas, faqat oldinga», - deya xabar berdi siyosatchilar. Partiya dasturining asosiy punktlari «adolatli, farovon iqtisodiyotni qayta tiklash», shuningdek, «amerikaliklar uchun ko‘proq tanlov imkoniyati, amaldagi hukumatga ko‘proq ishonch va kelajak haqida ko‘proq o‘z fikrlarini bildirish uchun imkon berishdan iboratdir», deb ta’kidlaydi Reuters. 

Partiya uchta tashkilotning ittifoqiga asoslanadi. Ulardan birinchisi - 2021 yilda Ronald Reygan, katta Jorj Bush, kichik Jorj Bush va Donald Tramp ma’muriyatlaridan bo‘lgan sobiq respublikachilar tomonidan tashkil etilgan Renew America Movement («Amerikani yangilash») harakati. Ikkinchi a’zo - Demokratik partiyadan prezidentlikka sobiq nomzod Endryu Yangning «Oldinga» partiyasi (Forward Party). Bundan tashqari, sobiq respublikachi kongressmen Devida Jolli atrofidagi sobiq respublikachilar, demokratlar va mustaqil siyosatchilardan iborat Serve America Movement («Amerikaga xizmat qil») harakati yangi siyosiy kuchda ishtirok etmoqda. 

Yangi partiya ta’sischilari 2023 yil oxirigacha 30 ta shtatda, 2024 yil oxirigacha esa barcha 50 ta shtatda uni ro‘yxatga olish va saylovlarda qatnashish imkoniyatiga erishish niyatida. 

XIX asr o‘rtalaridan boshlab AQSh siyosiy hayotida faqat ikkita yirik partiya – Demokratik va Respublikachilar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, qolgan siyosiy kuchlar faqat bir necha holatda siyosiy hayotga sezilarli ta’sir ko‘rsata olgan. Ulardan biri 2000 yilda yuz berib, o‘shanda Ralf Neyder «Yashillar» partiyasi nomzodi sifatida prezidentlik saylovida qatnashgan va 3 million ovoz (2,74 foiz) olgan. Taxminlarga ko‘ra, unga berilgan ovozlar respublikachi nomzod Jorj Bushga g‘alaba qozonishda yordam berib, ovozlarni demokrat Albert Gordan tortib olgan. 

Ayni paytda, 2021 yilda Gallup instituti so‘rovi shuni ko‘rsatadiki, rekord raqam - amerikaliklarning uchdan ikki qismi - mamlakatda uchinchi yirik partiyaga ega bo‘lish zarur deb hisoblaydi. 

Mavzuga oid