O‘zbekiston | 12:04 / 28.07.2022
12494
2 daqiqa o‘qiladi

“Hisor” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob qo‘ng‘ir ayiq muhrlandi

Mazkur ayiq turi O‘zbekiston Qizil kitobiga yo‘qolib borayotgan tur maqomi bilan kiritilgan.

Videodan kadr

Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, qo‘mita tasarrufidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi Qizilsuv bo‘limida o‘rnatilgan videoqopqonda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining tasvirlari muhrlangan.

Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i sut emizuvchilar sinfiga mansub yirtqich hayvon bo‘lib, Pomir, Tyan-Shan, Himolay va Hisor tog‘larida yashaydigan ayiqlarning kenja turi hisoblanadi.

Mazkur ayiq turi O‘zbekiston Qizil kitobiga yo‘qolib borayotgan tur maqomi bilan kiritilgan. Tyan-Shan ayig‘i “Hisor” davlat qo‘riqxonasining G‘yelon, Miraki, Tanxozdaryo va Qizilsuv bo‘limlari hududida uchraydi.

Qayd etilishicha, Tyan-Shan ayig‘i Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan doimiy muhofazaga olingan.

Avvalroq, “Hisor” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob qor qoplonlari, Turkiston silovsini va noyob qizil sug‘urlar muhrlangan edi.

Mavzuga oid