O‘zbekiston | 18:21 / 30.07.2022
41950
3 daqiqa o‘qiladi

Gulruxbegim Tohirjonova o‘zbekistonlik raqibga qarshi dona surishdan bosh tortdi

Xalqaro shaxmat olimpiadasining qizlar o‘rtasidagi bahslari 2-turida O‘zbekiston va AQSh terma jamoalari to‘qnash keldi. Musobaqada AQSh nomidan qatnashayotgan o‘zbekistonlik Gulruxbegim Tohirjonova hamyurtlariga qarshi o‘ynashni istamadi.

Gulruxbegim Tohirjonova / Foto: Oilaviy arxiv

Hindistonning Chennai shahrida shaxmat bo‘yicha 44-jahon olimpiadasi boshlandi.

29 iyulda bo‘lib o‘tgan birinchi turda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi – Nodirbek Abdusattorov (2004 yil), Nodirbek Yoqubboyev (2002 yil), Javohir Sindorov (2005 yil) va Shamsiddin Vohidov (2002 yil) nepallik raqiblari ustidan g‘alabaga erishdi: O‘zbekiston – Nepal 4:0.

O‘zbekistonlik yigitlarning barchasi – grossmeysterlar (GM). Qatnashchilarning familiyasi yoniga ularning FIDe reytingi yozilgan. 

Umida Omonova (2006 yil), Afruza Hamdamova (2009 yil), Maftuna Bobomurodova (2006 yil) va Marjona Malikova (2002 yil)dan iborat O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham ganalik raqiblarini mag‘lub etdi: O‘zbekiston – Gana 4:0.

O‘zbekistonlik qizlardan uch nafari FIDe ustasi unvoniga ega.

Bugun 2-turda o‘zbekistonlik shaxmatchi yigitlar Farer orollari, qizlar esa AQSh terma jamoasiga qarshi dona surmoqda.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, olimpiadaning 2-turida O‘zbekiston terma jamoasi vakili Nilufar Yoqubboyeva AQSh terma jamoasi nomidan ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Gulruxbegim Tohirjonovaga qarshi dona surishiga to‘g‘ri kelgan.

“Biroq Gulruxbegim o‘yinni rad qilib, O‘zbekistonga qarshi o‘ynamasligini aytdi. Endi 2-turda uning o‘rniga Irina Krush o‘ynaydi. Balki mardlikdir, lekin alamli va ta’sirli ekani aniq”, – deydi suhbatdosh.

Ayni paytgacha Nilufar Yoqubboyeva va Marjona Malikova amerikalik raqiblarga imkoniyatni boy berdi, yana ikkita o‘yin davom etmoqda. Ma’lumot uchun, AQSh terma jamoasi jahon tasnifida 7-, O‘zbekiston esa 46-pog‘onadan joy olgan.

Yigitlar o‘rtasida esa Abdusattorov va Yoqubboyev farerlik shaxmatchilarni mag‘lub etdi, keyingi ikkita stolda ham ustunlik o‘zbekistonliklar tarafida.

Eslatib o‘tamiz, Gulruxbegim Tohirjonova – o‘zbekistonlik qizlar ichida xalqaro grossmeyster unvonini olgan ikkinchi shaxmatchi. U 2020 yilda, 21 yoshida AQShga jo‘nab ketgan, keyinchalik ketishiga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidagi adolatsizliklar, xususan federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Husan Turdialiyev sabab bo‘lganini aytgandi.

Gulruxbegim o‘tgan yili AQSh chempionatida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, AQSh terma jamoasidan joy olgan.

Mavzuga oid