Jahon | 12:19 / 01.08.2022
10298
3 daqiqa o‘qiladi

Odessa portidan don ortilgan birinchi kema chiqib ketdi

Ukraina infratuzilma vaziri Oleksandr Kubrakov va Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Serra-Leone bayrog‘i ostidagi Ukraina makkajo‘xori yuklangan Razoni yuk kemasi Odessa portidan Livanga yo‘l olgan.

Foto: ANADOLU AGENCY/GETTY IMAGES

Odessa dengiz portini Ukraina doni ortilgan birinchi yuk kemasi tark etdi. 1 avgust, dushanba kuni ertalab makkajo‘xori ortilgan Serra-Leone bayrog‘i ostidagi Razoni kemasi Livanga yo‘l oldi, deb xabar berdi Ukraina infratuzilma vaziri Oleksandr Kubrakov. Bu ma’lumotni Turkiya Mudofaa vazirligi ham tarqatgan. 

Istanbul don eksportini nazorat qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, yuk kemasi 26 ming tonnadan ortiq makkajo‘xori olib ketmoqda. Markaz, shuningdek, kema 2 avgust kuni Turkiyaning hududiy suvlariga kirib kelishi kutilayotganini bildirdi. Tekshiruvdan so‘ng kema Tripoliga yo‘l oladi. 

Idoradan ta’kidlanishicha, Istanbulda RF, Ukraina, BMT va Turkiya o‘rtasida imzolangan kelishuvga muvofiq, Ukraina portlaridan oziq-ovqat yuklangan qo‘shimcha kemalar ham chiqib ketadi. Avvalroq Anqara Ukraina g‘allasi bo‘lgan birinchi karvon tarkibida 16 ta yuk kemasi bo‘lishi va ular Turkiya hududiy suvlariga 2 avgustda yetib borishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Ularga dronlar hamroh bo‘ladi, shuningdek, sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatib boriladi. Bosfor yaqinida kemalar tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

Avvalroq Istanbulda Ukraina donini eksport qilish bo‘yicha nazorat markazi ochilgan edi. Turkiya markaz oziq-ovqat inqirozini yengib chiqishga katta hissa qo‘shishiga ishonmoqda, deya ma’lum qildi Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusiy Akar. Koordinatsiya markazi savdo kemalarini ro‘yxatga oladi va harakatlarini, xususan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yordamida kuzatib boradi, dedi Akar. Kemalar Qora dengizni Marmar dengizi bilan bog‘laydigan Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tayotganda bortda qurol yo‘qligi yuzasidan tekshiruv olib borilishi kerak bo‘ladi. 

22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida RF hamda Ukraina bilan kelishuv imzolangan bo‘lib, uning maqsadi Ukraina portlari blokadasiga chek qo‘yishdir. Taxminlarga ko‘ra, eksport Ukrainaning uchta porti - Odessa, Chernomorsk va Yujniydan amalga oshiriladi. Kelishuv tuzilganidan bir kun o‘tib, 23 iyul kuni Odessa porti Rossiya tomonidan raketa zarbalariga uchradi.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan yilgi hosilning 20 million tonnadan ortig‘i hali eksportga chiqarilishi kerak. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin Ukrainaga tegishli Qora dengiz portlarining blokadasi tufayli bu imkonsiz bo‘lib qoldi. 

Mavzuga oid