O‘zbekiston | 09:11 / 03.08.2022
19776
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xodimni xizmat safariga yuborishning yangi tartibi belgilandi 

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida xizmat safarlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Xizmat safari muddati tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Bunda muddat yo‘ldagi vaqtni hisobga olmaganda 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Montaj, ishga tushirish-sozlash, qurilish va qidiruv ishlarini bajarish uchun yuboriladigan xodimlar, rahbarlar va mutaxassislar xizmat safari muddati 12 oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Tashkilotda xizmat safariga ketayotgan va qaytayotgan shaxslarni ro‘yxatga olish maxsus jurnallarda “O‘zASBO” dasturiy majmuasida (yoki buxgalteriya hisobini yurituvchi axborot tizimida) elektron yuritiladi.

Xodimga u yuborilgan tashkilotdagi ish vaqti rejimi va dam olish vaqtlari taalluqli bo‘ladi. Xizmat safari vaqtida foydalanilmagan dam olish kunlari xizmat safaridan qaytganda tiklanmaydi.

Agar xodim dam olish yoki bayram kunlarida xizmat safariga yuborilgan joyda ishlagan bo‘lsa, kompensatsiya to‘lanadi. 

Agar xodim xizmat majburiyatlarini bajarish uchun dam olish kunida xizmat safariga yuborilsa, unga safardan qaytgach boshqa dam olish kuni beriladi.

Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir hududlarga yuborilgan xodimlarga o‘sha hudud uchun belgilangan qo‘shimcha ustamalar ham to‘lab beriladi.

Xodimga turar joy bilan bog‘liq xarajatlar (mehmonxona yoki turar joy ijarasi), xizmat safari joyiga borish hamda doimiy ish joyiga qaytish yo‘l xarajatlari qoplanadi, shuningdek, kundalik xarajatlar uchun haq to‘lanadi.

Mehmonxona xarajatlari bir kunlik qoplash miqdori tegishlicha BHM 1,5 barobaridan 3 barobarigacha miqdordan oshmasligi lozim. 

Turar joyda yashagani bo‘yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda har bir sutka uchun BHM 20 foizi miqdorida qoplanadi.  

Xizmat safarlari xarajatlari hisobini yuritish bo‘yicha dasturiy ta’minot va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.

Mavzuga oid