Dengiz bo‘yidagi osuda hayot – mo‘’jaz Karamursel manzaralari
Turkiyada bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri Istanbuldan 2 soatlik masofadagi kichik shaharcha – Karamurselda bo‘lib, hamma sayyohlar ham boravermaydigan, tarovatli, ozoda, shinam va yam-yashil go‘shadan fotojamlanma tayyorladi.
Turkiya – sehrli diyor. Aslida ko‘pincha Amerikaga nisbatan ishlatib kelingan bu iborani endilikda Turkiyaga nisbatan qo‘llasa ham bo‘ladi, bizningcha. Axir minglab yurtdoshlarimiz uchun ishlash, yashash, o‘qish va sayohat qilish mamlakati bu. Bejizga ko‘pchilik o‘zbeklar turk diyoriga oshiqmasligini u yerda aqalli bir marta bo‘lgan odam his qiladi, tan oladi.
Istanbul, Izmir, Antalya, Alanya, Mersin, Dalaman, Erzurum, Trabzon, Bodrum, Kappadokiya va yana ko‘plab go‘zal shaharlari bor bu o‘lkaning biz uchun ochilmagan qirralari juda ko‘p.
Asosiy turistlarimiz o‘zlari uchun Istanbul yoki Antalyani tanlashadi, biroq yuqorida sanab o‘tganimiz shaharlardan tashqari yana qancha ertaknamo go‘shalari bor bu diyorning. Uzoqqa bormaymiz, Istanbulning yon atrofida ko‘plab shaharchalar va qishloqlar borki, tarovati va shukuhidan mazza qilasiz.
Kun.uz muxbiri “Turkiya? Ha-a, Istanbulmi?” deb fikrlaydigan yurtdoshlarimizda o‘rnashib qolgan yorliqdan qochish maqsadida megapolisdan biroz tashqariga chiqishga qaror qildi. Bu qarori uni Istanbuldan 1,5–2,5 soatlik masofadagi Izmit ko‘rfazi atrofidagi shaharcha va Belediye'lar (tumanlar) tomon boshladi.
Shaharlararo avtobusda 2 soatlik, paromda esa 45 daqiqalik masofada go‘zal Karamursel shaharchasi bor. Yalova va Izmit shaharchalari o‘rtasida joylashgan bu makonni ko‘pchilik bilmasa kerak. So‘nggi yillarda sayyohlar, u ham bo‘lsa, xorijlik sayyohlar o‘zlari uchun kashf qilgan bu mo‘’jaz – aholisi 60 mingdan sal ziyod bo‘lgan shaharcha dam olish, baliq ovlash, cho‘milish va shunchaki toza havodan nafas olib, ko‘pgina megapolislar shovqinidan “detoks” qilish uchun ajoyib maskan.
Karamurselliklar istanbulliklardan, ayniqsa, megapolis Istanbulning Yevropa tomonidagi aholidan farqli ravishda anchayin sodda, samimiy, ochiq va xushmuomala ekanini e’tirof etish kerak.
Shaharcha ham xuddi undagi odamlar kabi hashamdan uzoq, tartibli, ko‘rkam, shinam va sodda. Yo‘llar ravon, ko‘chalar tartibli, qirg‘oqlar ozoda.
Tosh yotqizilgan yo‘lkalar, kichik do‘konchalar va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, mo‘’jaz bozorcha va yashil tabiat uyg‘unligini his qilasiz bu yerda.
Ming marta gapirgandan, bir marta ko‘rgan afzal. Quyidagi fotomaqola sizni Karamursel sayriga chorlaydi.
Bobur Akmalov
Mavzuga oid
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024
O‘g‘rilikda ayblanib 4 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
17:42 / 20.12.2024