Jahon | 14:33 / 10.08.2022
7940
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Marina Ovsyannikovaning uyida tintuv o‘tkazildi

«Birinchi kanal» sobiq xodimi Marina Ovsyannikovaning uyida Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» tarqatilishi to‘g‘risidagi ish yuzasidan tintuv o‘tkazildi, deya xabar berdi uning advokati.

Foto: AFP

Moskva politsiyasi «Birinchi kanal» sobiq xodimi Marina Ovsyannikovaning uyida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda u 10 avgust, chorshanba kuni «OVD-Info» nashriga xabar berdi. Yuridik yordam ko‘rsatish uchun uning oldiga «OVD-Info» advokati Dmitriy Zaxvatov yetib bordi.

Zaxvatovning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari uning kelishini kutishdan bosh tortgan va Ovsyannikovaning «uyiga bostirib kirgan». Tintuv «Rossiya Qurolli kuchlari to‘g‘risida bila turib yolg‘on ma’lumotni ommaviy tarqatish» (RF JKning 207.3-moddasi) moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan o‘tkazildi, deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Zaxvatovning «Meduza» nashriga aytishicha, ish qo‘zg‘atish haqidagi qarorni hali ko‘rmagan, biroq bu Ovsyannikovaning Moskva sohilbo‘ylaridan birida o‘tkazgan urushga qarshi piketi bilan bog‘liqligini taxmin qilgan. 

15 iyul kuni Ovsyannikova Kreml oldida urushga qarshi piketga chiqib, «Putin – qotil» deb yozilgan bannerni ko‘tarib oldi. Sofiyskaya sohilbo‘yida o‘tkazilgan tadbirda u qo‘lga olinmagan. Jurnalist 17 iyul kuni ushlangan va ko‘p o‘tmay ma’muriy bayonnoma tuzilgach, qo‘yib yuborilgan. 

Mart oyi o‘rtalarida Ovsyannikova, «Birinchi kanal»da kechki yangiliklar muharriri bo‘lib ishlayotganda, «No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizga yolg‘on gapirishmoqda. Russians against war» plakati bilan jonli efirga chiqib ketgandi. Bundan oldin u videomurojaat bilan chiqdi: «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar jinoyatdir. Rossiya bosqinchi davlat va bu tajovuz uchun faqat bir kishi javobgar. Bu shaxs Vladimir Putindir». Natijada, Ovsyannikova miting o‘tkazishning belgilangan tartibini buzganlik haqidagi ma’muriy modda bo‘yicha – aksiya oldidan yozib olingan video tufayli 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. 

Aprel oyi boshida Berlinda joylashgan Axel Springer mediakonserni Ovsyannikova Germaniyaning Welt yangiliklar telekanaliga ishga olinganini e’lon qildi. Uch oy o‘tgach, shartnoma tugadi va u Rossiyaga qaytib keldi. Germaniyaning «Ozodlik uchun OAV mukofoti» (Freiheitspreis der Medien) sohibi bo‘lgan Ovsyannikovaga oxir-oqibat mukofotni topshirmaslikka qaror qilindi. May oyida u «Ijodiy norozilik uchun» Vatslav Havel mukofotini oldi. 

Mavzuga oid