Jahon | 20:52 / 10.08.2022
5047
3 daqiqa o‘qiladi

Marina Ovsyannikovaga armiya haqidagi «feyklar» ishi bo‘yicha ayblov qo‘yildi

«Birinchi kanal» sobiq xodimi Marina Ovsyannikovaning uyi tintuv qilindi. Chorshanba kuni unga Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatganlik ayblovi qo‘yildi, deb xabar berdi advokati.

Foto: AFP

«Birinchi kanal» sobiq xodimi Marina Ovsyannikovaga RF JKning 207.3-moddasi 2-qismi «d» bandi (RF qurolli kuchlaridan foydalanish to‘g‘risida qasddan yolg‘on ma’lumotni ommaviy ravishda tarqatish) bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Ovsyannikovaning advokati Dmitriy Zaxvatov 10 avgust, chorshanba kuni o‘z Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, uning mijozi bugun tunni vaqtincha saqlash hibsxonada o‘tkazgan. «Ehtiyot chorasi masalasi hamon ochiq. Marina Vladimirovna ayblanuvchi sifatida so‘roq qilinmoqda», - dedi advokat.

Avvalroq Moskva politsiyasi «Birinchi kanal» sobiq xodimi Marina Ovsyannikovaning uyida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda u «OVD-Info» nashriga xabar berdi. Yuridik yordam ko‘rsatish uchun uning oldiga «OVD-Info» advokati Dmitriy Zaxvatov yetib bordi. Zaxvatovning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari uning kelishini kutishdan bosh tortgan va Ovsyannikovaning «uyiga bostirib kirgan». 

15 iyul kuni Ovsyannikova Kreml oldida urushga qarshi piketga chiqib, «Putin – qotil» deb yozilgan bannerni ko‘tarib oldi. Sofiyskaya sohilbo‘yida o‘tkazilgan tadbirda u qo‘lga olinmagan. Jurnalist 17 iyul kuni ushlangan va ko‘p o‘tmay ma’muriy bayonnoma tuzilgach, qo‘yib yuborilgan.

Mart oyi o‘rtalarida Ovsyannikova, «Birinchi kanal»da kechki yangiliklar muharriri bo‘lib ishlayotganda, «No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizga yolg‘on gapirishmoqda. Russians against war» plakati bilan jonli efirga chiqib ketgandi. Bundan oldin u videomurojaat bilan chiqdi: «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar jinoyatdir. Rossiya bosqinchi davlat va bu tajovuz uchun faqat bir kishi javobgar. Bu shaxs Vladimir Putindir». Natijada, Ovsyannikova miting o‘tkazishning belgilangan tartibini buzganlik haqidagi ma’muriy modda bo‘yicha – aksiya oldidan yozib olingan video tufayli 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. 
 
Aprel oyi boshida Berlinda joylashgan Axel Springer mediakonserni Ovsyannikova Germaniyaning Welt yangiliklar telekanaliga ishga olinganini e’lon qildi. Uch oy o‘tgach, shartnoma tugadi va u Rossiyaga qaytib keldi. Germaniyaning «Ozodlik uchun OAV mukofoti» (Freiheitspreis der Medien) sohibi bo‘lgan Ovsyannikovaga oxir-oqibat mukofotni topshirmaslikka qaror qilindi. May oyida u «Ijodiy norozilik uchun» Vatslav Havel mukofotini oldi. 

Mavzuga oid