Iqtisodiyot | 15:41 / 17.08.2022
29753
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat kompaniyalariga IPO va SPO uchun muddatlar belgilandi

Davlat ishtirokidagi 21 ta yirik kompaniya aksiyalarining bir qismini ochiq savdoga chiqarish bo‘yicha muddatlar belgilandi. UzAuto Motors va “O‘zbekneftgaz”ga berilgan muhlat bir necha oyga uzaytirildi. Hukumat Uzbekistan Airways va “O‘zavtosanoat” masalasini ochiq qoldirdi.

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, 2022-2023 yillarda davlat ishtirokidagi 21 ta yirik korxonaning aksiyalarini fond birjasida birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.

Prezidentning bu boradagi topshirig‘ini hukumat bir yilga kechikib bajardi. O‘tgan yil apreldagi prezident farmoniga binoan, 15 ta kompaniyaning IPO yoki SPO o‘tkazishiga oid yo‘l xaritalar 2021 yil 14 iyulgacha tasdiqlanishi kerak edi, buni ta’minlash vazifasi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga yuklatilgandi.

Tasdiqlangan yo‘l xaritasiga binoan, davlat ishtirokidagi 21 ta yirik kompaniya o‘z aksiyalarini fond birjasiga birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirishining taxminiy muddatlari belgilandi (quyida – muddatlar ketma-ketligidagi ro‘yxat):

  • Qishloq qurilish bank — 2022 yil avgust-oktyabr oylari;
  • “O‘zmetkombinat” AJ — 2022 yil 4-choragi yoki 2023-yil 1-choragi;
  • “UzAuto Motors” AJ — 2022 yil 4-choragi yoki 2023 yil 1-choragi (2022 yil 1 avgustgacha 10 foizgacha aksiyasini IPO'ga chiqarishi kerak edi);
  • “O‘zbekneftgaz” AJ — 2023 yil fevral-mart (2022 yil oxirigacha kamida 49 foiz ulushini IPO'ga chiqarishi kerak edi);
  • Agrobank — 2023 yilning 1- yoki 2-choragi;
  • Aloqabank — 2023 yil 1-yarim yillikda;
  • Mikrokreditbank — 2023 yil iyun oyida;
  • “Universal Sug‘urta” AJ — 2023 yil iyun oyida;
  • “Alskom” AJ — 2023 yil iyun oyida (SPO);
  • “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ — anderrayterlar tavsiyalariga asosan, taxminan 2023 yil iyun oyida (IPO/SPO);
  • Xalq banki — 2023 yil 2-chorak;
  • “O‘zbekinvest” AJ — 2023 yil 2- va 3-choraklar;
  • “O‘zbekgeofizika” AJ — 2023 yil 2- va 3-choraklar;
  • Milliy bank — 2023 yil iyul oyida;
  • “O‘zagrosug‘urta” AJ — 2023 yilning ikkinchi yarmi;
  • “O‘zbekiston pochtasi” AJ — noma’lum (2023 yil mart oyidan keyingi davrda, anderrayterlar tavsiyalariga asosan);
  • “O‘zavtosanoat” AJ — noma’lum (2023 yil mart oyigacha IPO bo‘yicha hukumatga takliflar kiritiladi);
  • “Qurilishmashlizing” AJ — noma’lum, anderrayterlar tavsiya qilgan muddatda (IPO bo‘yicha takliflar hukumatga 2023 aprel oyida kiritiladi);
  • “O‘ztransgaz” AJ — noma’lum, anderrayterlar tavsiya qilgan muddatda (IPO'dan oldin, 2023 yil 2-chorakda korporativ kredit reytingi olish uchun konsultant jalb qilinadi);
  • “Uzbekistan Airways” AJ — noma’lum, anderrayterlar tavsiya qilgan muddatda (IPO'ni o‘tkazishga tayyorgarlik 2023 yil iyul oyigacha davom etadi);
  • “Dori-Darmon” AJ — noma’lum (hukumat roziligi olinganidan keyin 10 oy ichida).

IPO/SPO (Initial/secondary public offering) aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini cheklanmagan miqdordagi shaxslarga birlamchi/ikkilamchi ommaviy sotishni bildiradi.

O‘zbekiston tarixida ilk bor tajriba tariqasida “Kvars” AJ 2017 yil dekabrida “Toshkent” fond birjasida IPO o‘tkazgan. Shundan so‘ng “Jizzax plastmassa” AJ ham aksiyalarini ochiq ravishda fond birjasiga joylagan.

“Kvars” va “Jizzax plastmassa” hozircha O‘zbekistonda IPO o‘tkazgan birinchi va oxirgi kompaniyalar bo‘lib qolmoqda. Vaholanki, 2019 yildayoq mamlakatdagi o‘nga yaqin kompaniya aksiyalari ochiq savdoga chiqarilishi e’lon qilingandi. “Biz yil oxiriga qadar 10 tadan kam bo‘lmagan kompaniya IPO jarayonini o‘tkazishini kutmoqdamiz. Hech bo‘lmaganda, 6 kompaniya”, degandi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining o‘sha vaqtdagi birinchi o‘rinbosari Asqar Obidov.

Keyinchalik, davlat ulushi yuqori bo‘lgan 20ta yirik kompaniyani 2021 yilning 2-choragida IPO orqali xususiylashtirish reja qilingandi.

2021 yil kuzida esa bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonning eng yirik korxonalaridan 30tasi 2025 yilgacha IPO o‘tkazishi haqida gapirgandi. “Investorlarga shuni ma’lum qilmoqchimanki, biz 2023 yilgacha 10ta yirik kompaniyada, 2025 yilgacha esa O‘zbekistondagi 20ta eng yirik kompaniyada IPO o‘tkazishni rejalashtiryapmiz”, – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha “Toshkent” respublika fond birjasiga Giorgi Paresishvili rais etib tayinlandi. Uning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri – mahalliy aksiyadorlik jamiyatlarining IPO va SPO'larini o‘tkazishda yordam berish.

Mavzuga oid