Jahon | 08:18 / 01.09.2022
5972
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi «Lukoyl» samolyotini xatlovga olishga ruxsat berdi

2019 yilda «Lukoyl»ning o‘sha paytdagi rahbari Vagit Alekperov Boeing 737-7EM samolyotida AQShning Texas shtatiga uchgan edi. Endi bu 45 million dollarlik samolyot xatlovga olinishi kerak.

Foto: Anna Zvereva/Flickr

AQShning Texas shtati Janubiy okrug sudi Rossiyaning eng yirik xususiy neft kompaniyasi «Lukoyl»ga tegishli 45 million dollar qiymatidagi Boeing 737-7EM samolyotini xatlovga olish uchun order berdi. 31 avgust, chorshanba kuni ma’lum qilinishicha, bir vaqtning o‘zida AQSh Bosh prokuraturasi funksiyalarini bajaradigan AQSh Adliya vazirligida xatlovga olish Vashington tomonidan Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni amalga oshirish maqsadida kiritilgan.  

Bort raqami VP-CLR va ishlab chiqaruvchining seriya raqami 34865 bo‘lgan samolyot Rossiyaga va Rossiyadan parvozlarni amalga oshirgan, deyiladi vazirlik xabarida. 

Boeing AQShga oxirgi marta 2019 yilning mart oyida uchgan. O‘shanda u «Lukoyl» rasmiylarini Xyustonga (Texas shtati) olib kelgan, jumladan rossiyalik oligarx va korporatsiya rahbari Vagit Alekperovni ham. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Rossiyada turibdi. 2014 yil sentabr oyidan beri «Lukoyl» ham AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan joriy qilingan sohaviy sanksiyalarga duchor bo‘ldi. 

Samolyotni xatlovga olish AQSh Adliya vazirligining KleptoCapture maxsus guruhi tomonidan muvofiqlashtirilmoqda, u idoralararo huquqni muhofaza qilish bo‘yicha guruh bo‘lib, Vashington hamda uning xorijiy ittifoqchilari, hamkorlari bilan birgalikda yirik sanksiyalar, eksport nazorati va iqtisodiy qarshi choralarni qo‘llash bilan shug‘ullanadi. 

Iyun oyida AQSh sudi rossiyalik tadbirkor Roman Abramovichga tegishli Boeing 787 Dreamliner va Gulfstream G650ER samolyotlarini xatlovga olish uchun order bergandi. 

Bungacha, 2 mart kuni AQShda «korrupsion rus oligarxlari»ga qarshi kurashuvchi maxsus guruh tuzilgan edi. AQSh Adliya vaziri Merrik Garlandning aytishicha, idorasi sanksiyalarni buzgan shaxslar va kompaniyalar mulkini musodara qilish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanadi. 

Garlandning so‘zlariga ko‘ra, «korrupsion rossiyalik oligarxlar»ga qarshi kurashish vazifasi AQSh Adliya vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tergovchilari, tahlilchilar va boshqa ekspertlardan iborat KleptoCapture maxsus guruhiga yuklangan. 

«Biz jinoiy xatti-harakatlari Rossiya hukumatiga ushbu nohaq urushni davom ettirishga imkon bergan shaxslarni tergov qilish, hibsga olish va jinoiy javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanamiz. Men aniq aytaman: qonunlarimizni buzsangiz, biz sizni javobgarlikka tortamiz», - dedi Merrik Garlend. 

Vagit Alekperov aprel oyida «Lukoyl» rahbari lavozimini muddatidan avval tark etishga, shuningdek, kompaniya direktorlar kengashidan chiqib ketishga qaror qilgan edi. Oligarx «Lukoyl»ni 1993 yildan beri boshqarib kelgan. Mart oyi boshida «Lukoyl» direktorlar kengashi Ukrainadagi «qurolli mojaroni tezroq tugatish»ga chaqirgan edi. 

Mavzuga oid