Putin Gorbachyovning dafn marosimida qatnashmaydi
Kremlning bildirishicha, ish vaqti bandligi tufayli Putin Gorbachyovning dafn marosimida qatnashmaydi va buning o‘rniga Markaziy klinik shifoxona o‘likxonasida u bilan xayrlashgan.
1 sentabr, payshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning jurnalistlarga xabar berishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin SSSR birinchi prezidenti Mixail Gorbachyovning dafn marosimida «ish jadvali» tufayli qatnashmaydi.
Peskovning aytishicha, Putin Kaliningradga uchishdan oldin Markaziy klinik shifoxonaga borgan va u yerda Gorbachyov tobutiga gul qo‘ygan.
«Biz bilamizki, vidolashuv, dafn marosimi 3 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi, ammo, afsuski, prezidentning ish jadvali 3 sentabrda buni amalga oshirishga imkon bermaydi, shuning uchun u buni bugun qilishga qaror qildi», — dedi Peskov.
Avvalroq Gorbachyovning qizi dafn marosimi Novodevichya qabristonida 3 sentabr, shanba kuni - Soyuzlar uyi Kolonniy zalida vidolashuv marosimidan so‘ng bo‘lib o‘tishini, unga kirish hamma uchun ochiq bo‘lishini aytgan edi. Gorbachyov rafiqasi Raisa Gorbachyova yoniga dafn etiladi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, marosimda «davlat dafn marosimlarining elementlari» ishlatiladi. Gap faxriy qorovul, vidolashuv va dafn marosimini tashkil etishda davlat yordami haqida bormoqda. Peskov marosim maqomi rasmiy davlat dafn marosimlaridan qanday farq qilishiga aniqlik kiritmadi.
Mixail Gorbachyov 30 avgust kuni «og‘ir va uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng» 92 yoshida Moskvada vafot etdi. Kreml Putin ertasi kuni, 31 avgustda SSSR so‘nggi rahbarining yaqinlariga hamdardlik telegrammasi yuborganini ma’lum qildi.
Gorbachyovning vafoti munosabati bilan ko‘plab davlatlar rahbarlari tomonidan hamdardlik bildirildi. Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen uni «sovuq urushni tugatish va temir pardaning qulashida hal qiluvchi rol o‘ynagan» nufuzli va hurmatli rahbar deb atadi. «U erkin Yevropaga yo‘l ochdi. Biz bu merosni unutmaymiz», deb yozdi u.
Germaniya kansleri Olaf Shols Gorbachyovni «Yevropaning ko‘p joylarida demokratiya o‘rnatilishiga hissa qo‘shgan jasur islohotchi va davlat arbobi» deb atadi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning ma’lum qilishicha, «Putinning Ukrainadagi agressiyasi paytida Gorbachyovning sovet jamiyatini ochishga bo‘lgan tinimsiz intilishi barcha uchun namuna bo‘lib qolmoqda».
Mavzuga oid
15:59
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024