O‘zbekiston | 19:18 / 05.09.2022
47898
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shuhrat G‘aniyev va Aktam Hayitovni tanqid qildi

O‘simliklar karantini xizmati boshlig‘i Ibrohim Ergashev oxirgi marta qat’iy ogohlantirildi. Yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev lavozimidan ozod etilgani, vazir o‘rinbosari Sh.Mirzayevga hayfsan berilgani aytib o‘tildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishda tomorqachilikni rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Mutasaddilarga ko‘chma muzlatkichlar tashkil etish uchun yer maydonlarini ijaraga berish muddatlarini uzaytirish, 2 mingta mahallada kichik muzlatkichlar tashkil etish loyihalarini boshlash topshirildi.

Bunda, tayyor loyihalar yangi lizing mexanizmi asosida tadbirkorlarga beriladi.

Shu bilan birga, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha:

  • xususiy sektor bilan hamkorlikda aholi tomorqa yerlarida o‘simliklarni himoya qilish xizmatlarini ko‘rsatish uchun otryadlar tashkil etiladi;
  • tomorqalarda foydalanadigan kimyoviy preparatlar ro‘yxati tasdiqlanib, ular aholi orasida keng targ‘ib qilinadi.

Karantin xizmatidan dehqonlar noroziligi, ular ko‘makchi emas, nazoratchi bo‘lib qolgani tanqid qilindi. Xizmat boshlig‘i Ibrohim Ergashev oxirgi marta qat’iy ogohlantirildi.

«Agrar sohada belgilab olgan katta islohotlarimizni jadal amalga oshirish birinchi navbatda ushbu soha rahbarlari G‘aniyev, Hayitov, yangi vazir Voitov va o‘rinbosarlari fidoyiligiga bog‘liq. 

Bandlikni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish ham birinchi galda qishloq xo‘jaligidagi o‘sishga bog‘liqligini ular tushunishi kerak», dedi prezident.

Lekin, Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitov hali eskicha ishlayotgani, balandparvoz raqamlarga berilib ketgani tanqid qilindi. 
 
Soha rahbarlarining vazifasi prezidentga katta-katta raqamlar bilan hisobot berish emas, qishloqdagi dehqon, fermer masalasini hal qilish, og‘irini yengil qilish ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Lekin, muhim ishlar chetda qolib, qo‘shib yozishlar, noma’qul ishlar ko‘payib borayotgani qat’iy tanqid ostiga olindi.

Yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev lavozimidan ozod etilgani, vazir o‘rinbosari Sh.Mirzayevga hayfsan berilgani aytib o‘tildi.

«Bundan buyon G‘aniyevdan ham, Hayitovdan ham, yangi vazir Voitovdan ham juda qattiq so‘rov bo‘ladi», dedi prezident so‘zining yakunida.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

Mavzuga oid