Jamiyat | 20:25 / 07.09.2022
15376
3 daqiqa o‘qiladi

Kinochilar uyida «Talvasa» filmining premerasi bo‘lib o‘tdi

7-sentabr kuni «Kinochilar uyi»da uzoq kutilgan «Talvasa» filmining premerasi bo‘lib o‘tdi. Film O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi sharafiga O‘zbekiston xalqiga yana bir tuhfa bo‘ldi. Film Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Yoshlik» kinostudiyasi DUK tomonidan suratga olingan.

Foto: Kinematografiya agentligi axborot xizmati

 – “Ilgari yoshlarimizga qisqa metrajli filmlar suratga olishni ishongan bo‘lsak, endi umid va ishonch bilan to‘liq metrajli filmlarni taqdim eta olyapmiz. Ular o‘z ustoz va murabbiylaridan olgan barcha bilimlarini «Talvasa» filmini suratga olish orqali amaliyotga tatbiq etishga muvaffaq bo‘ldilar. Ularning sa’y-harakatlari besamar ketmasligi va film tomoshabinlarga manzur bo‘lishiga ishonamiz”, — dedi Kinematografiya agentligi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev.

«Talvasa» filmini suratga olish 2020 yil dekabr oyida boshlangan va yaqindagina yakunlangan.

- “Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda shunday filmlarni suratga olish erkinligi paydo bo‘lganidan juda xursandman – nafaqat shaxslararo, balki eng muhim mavzularga ham to‘xtalib o‘tish mumkin. Men ishning yakuniy natijasidan juda mamnunman. «Talvasa» filmini suratga olishda ishtirok etgan har bir kishi o‘ziga yuklatilgan vazifani to‘laqonli bajara oldi! Barchamiz tomoshabinlarning munosabatini intiqlik bilan kutyapmiz, film ularga yoqadi degan umiddamiz”, - deydi film ssenariy muallifi va rejissyori Murod Inog‘omov.

Film jinoyat kabi dolzarb mavzuga to‘xtalib, u Muzaffar ismli bosh qahramon hayoti orqali ochib berilgan.

- “Mening qahramonim salbiy xarakterga ega. Film davomida u ijobiy personaj sifatida taqdim etilgan, lekin oxirida u baribir o‘zining haqiqiy yuzini ko‘rsatadi. U ikkiyuzlamachidir. Men hayotda bunday odamlarni yoqtirmayman, lekin men uchun bunday qahramonni o‘ynash katta sharaf! Xudoga shukr, atrofimizda xuddi Saida Rametova va Tesha Mo‘minov kabi aktyorlar ijro etgan rollardagidek insonlar, nafaqat kinodagi rollardagidek, balki shunchaki yaxshi insonlar, yaxshi fikrlaydigan, yaxshilikka intiladigan, yaxshilikni ulashadigan insonlar ham ko‘p, — deya o‘z roli haqida fikr bildirdi aktyor Umidxo‘ja Boboxo‘jayev.

Kinematografiya agentligi matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid