O‘zbekiston | 12:04 / 11.09.2022
14657
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Termizga uchgan samolyot Buxoro aeroportiga yo‘naltirildi

Uzbekistan Airways’ning Toshkentdan Termizga uchgan samolyoti Buxoro aeroportiga yo‘naltirildi. «Novosti Tashkenskogo neba» Telegram-kanali xabar berishicha, HY-065 yo‘lovchi reysi Termiz aeroportidagi noqulay ob-havo sharoiti — kuchli shamol va chang bo‘roni tufayli Buxoro shahridagi zaxira aeroportga yo‘naltirilgan. FlightRadar24 ma’lumotlariga ko‘ra, 11 sentabr kuni soat 7:40 da uchgan samolyot soat 9:00 da Buxoro aeroportiga qo‘ngan.

Uzbekistan Airways matbuot xizmati ham holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aviakompaniya 11 sentabr kuni Toshkent—Termiz yo‘nalishi bo‘yicha HY-065 reysi Termiz shahridagi ob-havo sharoiti (kuchli qum shamoli) tufayli o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, Buxoro xalqaro aeroportiga qo‘nganini tasdiqladi.

Qayd etilishicha, hozirda 124 nafar yo‘lovchi Buxoro xalqaro aeroportida bo‘lib turibdi. Termiz shahrida ob-havo o‘zgarishi bilan HY-065 aviaqatnovi belgilangan yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.

«Keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilardan uzr so‘raymiz», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid