Jahon | 21:31 / 14.09.2022
32729
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning Xarkivdagi yurishi yakunlari: Izyum fronti endi yo‘q

Ukraina qurolli kuchlari Xarkiv oblastini deyarli butunlay qaytarib olib, Rossiyani yirik operativ mag‘lubiyatga uchratdi. Rossiya armiyasining og‘ir mag‘lubiyati bilan yakunlangan voqealar qanday rivojlandi?

Foto: AP / Scanpix / LETA

Ukraina armiyasi olti kunlik yurish davomida Xarkiv va Donbassga tahdid solib turgan Izyum to‘sig‘ini olib tashladi va Rossiya harbiy qismlarini sharqda Oskol daryosining narigi sohiliga, shimolda esa chegara ortiga chekintirdi. «Ukraina Izyumni olishi Rossiya Donetsk oblastida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish istiqbollariga chek qo‘ydi», deb hisoblaydi Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) mutaxassislari.

«Hozirgi qarshi hujum urushga yakun yasay olmaydi. Ertami kechmi u yakunlanadi, Rossiyada esa yangi mudofaa chizig‘ini tashkil etish, hatto kichik qarshi hujumlarga o‘tish imkoni tug‘ilishi mumkin. Urush, katta ehtimol bilan, 2023 yilga qadar cho‘ziladi. Ammo Ukraina mojaroda burilish yasadi va tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Endi Kiyev Moskvani o‘ziga qulay bo‘lgan joylarda jang qilishga majburlashi mumkin», deyiladi institut hisobotida.

Voqealar tarixi

Bahordan hozirgacha Rossiya qo‘shini ukrainlarning Donbassdagi mustahkam istehkomlarini shturm qilib keladi. Urg‘u artilleriya tizimlari sonidagi katta ustunlikka va xususiy harbiy kompaniyalarning professional harbiylarini jalb etishga qaratildi. Ammo bu taktika ham to‘xtab qoldi.

Rossiya kuchlarining so‘nggi yirik muvaffaqiyati iyun oyi oxiri - iyul oyi boshida Severodonetsk va Lisichansk bosib olinishi bo‘lgandi. Shundan buyon Rossiya Donbassda sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Iyul oyi oxirlaridayoq Ukraina armiyasi janubda yirik yurish boshlashga tayyorlanayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ko‘plab harbiy tahlilchilar Rossiyaning Xerson va Krivoy Rog yo‘nalishidagi guruhlari pozitsiyasi mustahkam emasligi, Dneprning o‘ng sohilidagi bu qo‘shinlarni ta’minotdan uzib qo‘yish va keyin qurshab olib, yo‘q qilish imkoniyati borligiga e’tibor qaratishdi.

Ukraina qo‘mondonligining janubiy frontdagi harakatlari bu kartinaga to‘la mos keladi. Frontga qo‘shimcha kuchlar olib kelinmoqda, ukrain harbiy bo‘linmalari hujumkor amaliyotlar seriyasini o‘tkazmoqda, Ingulets daryosining chap sohilidagi platsdarm egallangan, Amerikadan yetkazilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali Dnepr daryosi ustidan o‘tgan ko‘priklar muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda - bu yo‘llar foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirilgan. Rossiya qo‘shinlarining front ortidagi harbiy obektlariga doimiy zarbalar berilmoqda, avgust oyi o‘rtalarida annexia qilingan Qrimda ham kuchli portlashlar ro‘y bera boshladi.

Rossiya qo‘mondonligi janubda ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. U yerga Donbassda jang qilgan qismlar va yangi shakllantirilgan bo‘linmalardan iborat kattagina qo‘shimcha kuch tashlanganiga qaramay, ularni Dneprning o‘ng sohiliga olib o‘tish va jangga tashlashga shoshilishmadi.

Bir tomondan, ukrainlarning hujumlarini mavjud kuchlar bilan ham to‘xtatish imkoni bo‘ldi. Boshqa tomondan - harbiy harakatlar keskin kuchaygan taqdirda, ta’minot muammosi ham faqat og‘irlashadi.

Rossiyaparast blogerlar va harbiy muxbirlar asosiy zarba janubda emas, shimolda berilishi mumkinligi haqida Ukrainaning qarshi hujumi boshlanishidan kamida ikki hafta oldin yoza boshlagandi. Mualliflar raqib qo‘shinlarini Xarkiv oblastida to‘play boshlaganiga e’tibor qaratishgandi.

Xarkiv yaqinidagi harbiy harakatlar qanday kechdi?

6 sentabr tongida ukrain qo‘shini Xarkivdan janubi-sharqda joylashgan Balakliyada kuchli zarba berdi. Uch yo‘nalishda hujumga o‘tildi - biri Balakliyadan janubdan va ikkitasi shimolroqda. Mudofaa chizig‘i tezda yorib o‘tildi, Ukraina qurolli kuchlari shaharni yarim aylana ichiga olishdi, shaharga keluvchi asosiy yo‘llar to‘sib qo‘yildi va shaharni shturm qilishga ortiqcha vaqt sarflamasdan, tezlik bilan sharqqa tomon harakatlandi.

Janubdan yorib o‘tgan guruh Balakliyadan janubi-sharqdagi pozitsiyani egalladi va ehtimoliy qarshi hujumga tayyor turish uchun to‘xtadi; shimoldagi guruhlarning biri nisbatan ichkariroq kirib bordi, undan ham shimolroqdagisi Shevchenkovo va Kupyansk yo‘nalishidagi shosse bo‘ylab harakatlandi.

Rossiya qo‘shini chekinish vaqtida juda ko‘p texnikalarni qoldirib ketdi. Foto: Reuters

Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumda klassik sxema bo‘yicha harakatlandi: mobil shturmchi guruhlar mudofaani yorib o‘tdi, ularning ortidan asosiy zirhli tank bo‘linmalari kelib, nazoratni qo‘lga oldi va ozod qilingan hududlarni kengaytirdi, diversiv-razvedka guruhlar olg‘a harakatlanishini ta’minladi. Qarshilik ko‘rsatilgan joylarda ular ortga chekindi va bu vaziyatda yana yorib o‘tuvchi guruhlar jangga kirishdi.

Ukraina qo‘shini Rossiyaning mustahkamlangan hududlarini chetlab o‘tishga va ularni qurshovda qoldirishga harakat qildi. Rossiya kuchlari muvofiqlikda harakatlana olmadi, guruhlar birin-ketin qurshovga tushib qola boshladi va ularda chekinish uchun yo‘l qolmadi.

Kreml va oliy qo‘mondonlik direktivasi yo‘qligida (bu vaqtda ular Uzoq Sharqdagi mashg‘ulotlarni kuzatish bilan band edi) rossiyaparast blogerlar, harbiy muxbirlar va OAV frontdagi voqealarni o‘z nuqtayi nazari bilan yoritdi. «Balakliyada jahannam!» deya vahimali chiqishlar bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay barcha kanallarda bir xilda «Vahimaga o‘rin yo‘q» mazmunidagi postlar tarqatildi.

Bu vaqtga kelib Balakliyadagi vaziyat hech qanday ahamiyat kasb etmay qolgandi. Shaharni shimoldan aylanib o‘tgan ukrain qismlari tezlik bilan ilgarilab, bir kun ichida yo‘llar kesishmasidagi muhim aholi manzili hisoblangan Shevchenkovoni qamal qilishdi, 8 sentabr kuni esa Kupyansk ostonasiga yetib kelishdi.

Kupyansk shahrining boy berilishi rossiyaliklarning Izyum atrofidagi yirik guruhi ta’minoti to‘xtab qolishini anglatardi - Belgoroddan chiqadigan yordam Vovchansk orqali, Voronej oblastining Rossosh shahridan chiqadigan yordam esa Valuyskiy rayoni orqali temiryo‘lda Kupyanskka keltirilardi.

Shundan keyin voqealar tez sur’atda rivojlanib ketdi. Rossiyalik harbiy muxbirlar raqib yorib o‘tmasligi uchun Kupyansk va Izyumga zudlik bilan zaxira kuchlari tashlangani haqida xabar berishdi. Bu vaqtda Ukraina artilleriyasi Kupyanskning g‘arbiy va sharqiy qismlarini bog‘lovchi ko‘prikni portlatishdi, shaharni g‘arbdan va janubdan qamal qildi, janubda, Izyum tomonda Oskol suv ombori hududi egallandi. Shuningdek Senkovo qishlog‘i hududida Oskol daryosidan o‘tgan ko‘priklardan biri ustidan nazorat o‘rnatildi, yana bir ko‘prik vayron qilindi.

Ukraina qurolli kuchlarining boshqa bir shturmchi guruhi shimolga burildi va bu guruh ham shosse bo‘ylab tezkorlikda harakatlanib, Dvurechnoye posyolkasiga yetib bordi. Shundan keyin shimoldan ta’minot amalga oshirish mutlaqo imkonsiz ishga aylandi.

Rossiya qo‘shini chekinish chog‘ida juda ko‘p o‘q-dori tashlab ketgan. Foto: UKRAINIAN ARMED FORCES/REUTERS

Bu vaqtda ukrain qo‘shinlari janubda Limanga ham hujum boshladi. Agar Rossiya qo‘shini bu shaharni ham boy berganida, Izyum guruhi butunlay qurshovga tushgan bo‘lardi.

Ma’lum bo‘lishicha, Izyum atrofidagi qo‘shinlarni olib ketish haqida 10 sentabrga o‘tar kechasiyoq qaror qabul qilingan. Luhansk oblastiga chekingan rossiyalik harbiylar o‘zi bilan yuk olmagan va buzuq texnikalar va o‘q-dorilarni tashlab ketgan. Ketish oldidan hech narsa portlatilmaganiga qaraganda juda tez chekinishga to‘g‘ri kelgan.

Hozirgi vaziyat

Ukraina qo‘shinlari Rossiya bilan davlat chegaralariga chiqishgan. So‘nggi voqealardan keyin Rossiya harbiylari Xarkiv oblasti shimolidagi hududlarni egallab turishidan ma’no qolmagandi.

Ozod etilgan aholi manzillarida ukrain bayroqlari ko‘tarildi. Joylarda hududlarni tozalash ishlari olib borilmoqda, ayrim joylarda esa allaqachon ukrain tergovchilari va harbiy politsiya ishga kirishgan - ular rossiyalik bosqinchilar bilan hamkorlik qilgan kolloborantlarni aniqlashadi.

Yangi front chizig‘i endi Oskol daryosi bo‘ylab o‘tadi.

Rossiya armiyasi Luhansk oblastidagi guruhi ta’minoti uchun boshqa rokada yo‘lidan (front chizig‘i bo‘ylab yoki unga parallel o‘tuvchi aloqa yo‘li) foydalanishi kerak bo‘ladi.

Rossiya armiyasining yo‘qotishlari ko‘lamini (shaxsiy tarkib, texnika va qurollar) hali hisoblash qiyin. Shuni aniq aytish mumkinki, ukrain harbiylari zarbasidan hamma ham qochib qutula olmagan, yana o‘nlab harbiylar asir tushgan bo‘lishi mumkin.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatiga baho berarkan, bu hali boshlanishi ekanini aytdi.

Süddeutsche Zeitung nashri yozishicha, AQSh hukumati Kiyevga g‘arb namunasidagi jangovar piyoda mashinalari hamda jangovar tanklarni berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

«Ukrain qo‘shinlarining muvaffaqiyati Rossiyaning butun amaliyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Ukrainadagi kuchlarning aksar qismi shoshilinch ravishda mudofaani tashkil etishga ustuvorlik berishga majbur bo‘ladi. Rossiya oliy harbiy rahbariyatiga shusiz ham u qadar yuqori bo‘lmagan ishonch yanada yomonlashishi mumkin», deb hisoblaydi Britaniya razvedkasi.

Mavzuga oid