O‘zbekiston | 08:57 / 20.09.2022
2707
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat fuqarolik xizmatida monitoring o‘tkazish tartibi e’lon qilindi

“Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Nizom “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun 26-moddasiga asosan prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmati tizimida davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida monitoring o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Monitoring davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonunchilik davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarida ijro etilishini o‘rganish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Rejali monitoring agentlik tomonidan tasdiqlangan ish reja asosida o‘tkaziladi. Rejadan tashqari monitoring:

  • prezident administratsiyasi topshiriqlari;
  • davlat fuqarolik xizmatchilari hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari;
  • davlat organi tomonidan taqdim etilgan hisobotlar va tahliliy ma’lumotlar natijalari;
  • ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali davlat fuqarolik xizmati sohasidagi qonunbuzilishlar sodir etilayotgani yoki sohaga oid qonunchilik ijrosi ta’minlanmayotgani to‘g‘risida berilgan axborotlar;
  • davlat organida o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasligi;
  • qonun hujjatlariga muvofiq boshqa holatlarga asosan o‘tkazilishi mumkin.

Monitoring agentlik direktori buyrug‘iga asosan o‘tkaziladi. Buyruqda quyidagilar ko‘rsatiladi: monitoring maqsadi va vazifalari; monitoring o‘tkaziladigan davlat organi nomi; monitoring davri va davomiyligi; monitoring o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi; monitoring rejasi.

Monitoring ilovaga muvofiq sxema asosida, bir oygacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi. Monitoring o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq qabul qilinganidan so‘ng, monitoring o‘tkaziladigan davlat organi uch ish kuni ichida yozma ravishda xabardor qilinishi lozim.

Ishchi guruhiga monitoring o‘tkazish uchun hudud va binoga kirishga to‘sqinlik qilinganda, bu haqda ishchi guruh tomonidan monitoring o‘tkaziladigan davlat organi rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi ishtirokida dalolatnoma tuziladi va ular tomonidan imzolanadi.

Davlat organi rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi dalolatnomani imzolashdan bosh tortganda, bu haqda dalolatnomaga qayd etib qo‘yiladi. Ishchi guruh rahbari shu kun o‘zida tuzilgan dalolatnomani ilova qilgan holda agentlik direktoriga bildirgi taqdim etadi. Agentlik direktori ikki kunlik muddatda ushbu bildirgi asosida monitoring o‘tkazishga to‘sqinlik qilgan davlat organi rahbariga nisbatan chora ko‘rish yuzasidan prezident administratsiyasiga taklif kiritadi.

Mavzuga oid