O‘zbekiston | 07:29 / 24.09.2022
7491
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy karate federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekiston karate WKF federatsiyasi navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: olympic.uz

Konferensiya kun tartibidan federatsiyaga yangi rais saylash, uning rahbariyati va ijroiya qo‘mitasi tarkibini qaytadan shakllantirib olish masalalari o‘rin oldi.

Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari kotibiyati mas’ul xodimi, bungacha sport sohasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan Rashid Tolipov nomzodi federatsiya raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi

Shu tariqa, Rashid Tolipov O‘zbekiston karate WKF federatsiyasi raisi etib saylandi. Shu paytgacha federatsiya rahbari sifatida faoliyat olib borgan Alam Mullayev, shuningdek, Baxtiyor Nig‘matullayev, Anvar Muhammedov, Saparmurod Jiyemurotov, Ilhom Mamadaliyev, Burhon Rahmonov hamda Dilnoza Bakirova rais o‘rinbosari, bungacha federatsiya ijrochi direktori lavozimida ishlagan Farrux Toshkenboyev federatsiya bosh kotibi etib saylandi. Tadbir davomida ijroiya qo‘mitasi a’zolari ham shakllantirilib, tashkilot yangi tahrirdagi nizomi tasdiqlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rashid Tolipov ishonch uchun minnatdorlik bildirgan holda, karate sportini rivojlantirish yo‘lida astoydil xizmat qilishini ta’kidladi. Oldinda turgan yirik musobaqalar, joriy yil dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatini yuksak saviyada tashkil etishda barchani hamjihat bo‘lishga chaqirdi.

Mavzuga oid