Jahon | 14:40 / 30.09.2022
4875
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda «Ian» bo‘roni kamida 12 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Florida shtatida AQSh tarixidagi eng kuchli dovullardan biri yuz berdi. Rasmiylar tabiiy ofat natijasida qancha odam halok bo‘lganini hozircha hisoblashni o‘z zimmasiga olganicha yo‘q.

Foto: Live Storms Media

AQShning Florida shtatida soatiga 240 kilometr tezlikda qirg‘oqqa yaqinlashib, halokatli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan «Ian» dovuli qurbonlari soni ortib bormoqda. Mahalliy OAV rasmiylarga tayanib, 30 sentabr, juma kuni ertalab kamida 12 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Florida gubernatori Ron DeSantis esa qurbonlar sonini hisoblashga hali erta ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzlab odamlarning taqdiri hamon qutqaruvchilar yordamiga bog‘liq.

«Ian» tropik bo‘ron darajasiga vaqtincha tushirilganidan so‘ng, meteorologlar uni yana dovul darajasiga ko‘tarib, «hayot uchun xavfli, halokatli» suv toshqini, shamol va kuchli yog‘ingarchilik xavfi haqida ogohlantirdilar. 29 sentabr oqshomida «Ian» Janubiy va Shimoliy Karolina shtatlariga yo‘l oldi. Janubiy Karolinaning butun qirg‘oqbo‘yi mintaqasi, shuningdek, Jorjiya va Shimoliy Karolina shtatlarining bir qismi uchun bo‘ron haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Meteorologlar qirg‘oqbo‘yidagi hududlarga to‘g‘ri kelgunga qadar bo‘ron yana kuchayishini kutishmoqda.

«Ian» Florida qirg‘oqlariga 28 sentabr kuni tushdan keyin yetib keldi. Bo‘ron shamollari ko‘p sonli binolarni vayron qildi, daraxtlarni qulatdi va elektr uzatish liniyalarini buzdi. Ayniqsa, Fort-Mayyers va Neypls shaharlarida kuchli vayronagarchilik yuz berdi. Neyplsda butunboshli mavzelarda suv ostida qolgan. Videokadrlarda butunlay suv bosgan ko‘chalar, ular bo‘ylab avtomobillar suzib yurganini ko‘rish mumkin. 2,6 milliondan ortiq odam elektr energiyasiz qoldi.

Mavzuga oid