O‘zbekiston | 07:41 / 30.09.2022
23838
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki nafar prankchi 15 sutkaga qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan hamda jamoat tartibini buzayotgan videotasvirlar Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘rganib chiqildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

"Instagram" ijtimoiy tarmog‘idagi "JasJan" akkaunt blogi ko‘zdan kechirilgan vaqtda, jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi videoma’lumot joylashtirilgani aniqlangan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida "Instagram" ijtimoiy tarmog‘idagi "JasJan" akkaunt foydalanuvchisi Toshkent viloyatida tug‘ilgan fuqaro Jasur Shodiyev ekani ma’lum bo‘lgan. Ushbu fuqaro bundan bir necha oy ilgari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan 15 sutka qamoq jazosini o‘tab chiqqan. 

IIBB xabariga ko‘ra, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, u o‘z ishini yana davom ettirib, axloqsiz videolarni tarqata boshlagan. Bildirilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad - ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish bo‘lgan. 

Bundan tashqari, Jasur Shodiyev va fuqaro Humoyun Muhammadjonov jamoat joyida boshqa bir bloger - Ja’far Yusupovga nisbatan uyatli so‘zlar ishlatib, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida haqorat qilishadi. Bu jarayondan videomaterial tayyorlab, ommaga namoyish etishadi. Mazkur holat yuzasidan hujjatlar to‘planib, qonuniy chora ko‘rish uchun Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBga yuborilgan.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan sayyor sudda Jasur Shodiyev va fuqaro Humoyun Muhammadjonovga nisbatan sud o‘qib eshittirildi. Jasur Shodiyevga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi, Humoyun Muhammadjonovga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi. 

Mavzuga oid