O‘zbekiston | 08:02 / 05.10.2022
5364
3 daqiqa o‘qiladi

Senat 33-yalpi majlisda ko‘riladigan masalalarni ma’lum qildi

Kengash Senat o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Foto: Senat.uz

Senat kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. Majlisda Senat o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini 2022 yil 7 oktabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqiladi.  “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidan. 

Yalpi majlisda “Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan  o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.

Senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini muhokama qiladi.

Yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.

Senatorlar tomonidan iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.

Yalpi majlis kun tartibi doirasida Senat kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.

Mavzuga oid