O‘zbekiston | 07:31 / 18.10.2022
10646
2 daqiqa o‘qiladi

Yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi 

Makkada o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va uni xalqaro tilga aylantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

21 oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston bosh konsulxonasi tomonidan Makka shahrida vatandoshlar ishtirokida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni 60 milliondan oshdi, xorijiy davlatlardagi 50 dan ortiq oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘rgatilmoqda.

Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan asli o‘zbek bo‘lgan buxoriylar diasporasi vakillari millat aslini aks ettiruvchi o‘zbek tilini e’zozlash, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish hamda yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifaga aylanib borayotganini qayd etdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida Saudiya hududida o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, diaspora vakillari farzandlarining milliy tilni mukammal egallashi uchun maxsus kurslar tashkil etish va ularni zarur adabiyotlar bilan ta’minlashga kelishib olindi.

Mavzuga oid