O‘zbekiston | 11:15 / 23.10.2022
52885
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi harbiy ombor portlashi - tafsilotlar

Kun.uz muxbiri 22 oktyabr kuni soat 4:55 da Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanining Malik qishlog‘iga yaqin harbiy ombordagi portlashdan atrofdagi aholiga qanchalik zarar yetgani bo‘yicha o‘rganish olib bordi.

Portlash katta radiusda aholi xonadonlari, ijtimoiy va xususiy bino obektlariga jiddiy zarar yetkazgan. Sirdaryo viloyati hokimligining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, 3742 ta turar va noturar joylarning tomi, shifti, deraza va eshik romlariga qisman talafot yetgani aniqlandi.

Malik qishlog‘ida yashovchi Abduqayum Toshpo‘latov portlash bo‘lgan joydan 1,5 km masofada yashaydi. Erta tongda namozga turgan Abduqayum Toshpo‘latov avvaliga transformator punkti portladi deb o‘ylagan. Portlash kuchi kattaligini ko‘rib, boshqacharoq vaziyat ekanini payqagan. Uning uyidagi shiftning bir qismi qulab tushgan. 

Darvozaxonasidagi shiftning kattagina qismi qulab tushgan Rustam Orziqulov portlash tovushi ovozidan uyg‘onib ketib, nabiralari yotgan uy tomon yugurgan. 

«Ko‘chaga chiqqanimda atrof chang-to‘zon. Osmon qip-qizil bo‘lib turardi», — deydi u. 

Zamira Haydarova esa avvaliga yer qimirlayapti deb o‘ylagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlashdan so‘ng mahalla ahli ko‘chaga chiqib olgan. Mahalladagi ko‘plab xonadonlarga zarar yetgan. Asosan oynalar singan. 

Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori San’at Qodirovning aytishicha, shifokorlar 16 kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatishgan. Ulardan ikki nafari qo‘rqish holati bilan murojaat qilgan. 5 nafar fuqaro viloyat shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuborilgan. Qolganlari esa yengil turdagi kesilish jarohatlari bilan muolaja qilingan. 

Mudofaa vaziri matbuot kotibi Otabek Yo‘ldoshev portlashdan zarar ko‘rgan xonadonlardagi zarar miqdori o‘rganilayotgani va uni qoplash ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Matbuot kotibi aholi va harbiylar o‘rtasida jiddiy jarohat olganlar yo‘qligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid