Jamiyat | 21:03 / 24.10.2022
88028
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida sumkasida bomba borligini aytgan qiz hibsga olindi

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 22 oktabr kuni Toshkent metrosining “Alisher Navoiy” bekatida sodir bo‘lgan. Avtomatik o‘tkazish punktida to‘xtatilgan qiz sumkasini ko‘rsatishni so‘ragan ichki ishlar xodimiga unda bomba borligini aytgan.

Foto: IIV axborot xizmati

IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentining ma’lum qilishicha, avtomatik o‘tkazish punktida to‘xtatilib, sumkasi ko‘zdan kechirilgan qiz 19 yoshda. U sumkasida bomba borligini aytgach, Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni o‘rab olgan va voqea haqida navbatchilik bo‘limiga xabar berishgan.

Shundan so‘ng voqea joyiga IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan. Sumkani ko‘zdan kechirish chog‘ida undan portlovchi moslama topilmagan. Ro‘y bergan holat va tekshiruv natijasi yuzasidan dalolatnoma tuzilgan.

Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul xodim qizdan nima uchun sumkasida bomba borligini aytganini so‘raganida u kayfiyati yaxshi bo‘lgani uchun shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan. Vaqtincha hibsga olingan qiz poytaxtning Shayxontohur tumani 3-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. 

Mavzuga oid