O‘zbekiston | 15:25 / 27.10.2022
8046
2 daqiqa o‘qiladi

“Dollar kursi so‘mga nisbatan barqaror shakllanyapti” – Mamarizo Nurmurodov

Aksariyat valutalar dollarga nisbatan qadrsizlanishda davom etmoqda. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovga ko‘ra, eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va boshqa ko‘rinishdagi valuta oqimining oshganligi  dollar indeksining o‘zbek so‘mi almashinuv kursiga ta’sirini yumshatdi.

Foto: Kun.uz

27 oktyabr kuni Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qarori yuzasida MB raisi ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Mamarizo Nurmurodov dollar kursining keskin oshishi oqibatida boshqa valutalarning qadrsizlanish tendensiyasi haqida gapirdi.

“Dollar indeksining sezilarli darajada oshishi boshqa dollar bilan bog‘liq valutalarning teskari proporsiyada qadrsizlanishi bilan xarakterlanadi. Bu borada juda ko‘p rivojlanayotgan davlatlar valutalari AQSh dollariga nisbatan qadrini saqlab qolish uchun katta miqdorda valuta intervensiyalarini qilishga majbur bo‘lmoqda”, - dedi Nurmurodov. 

Markaziy bank raisining tushuntirishicha, dollar indeksi 14-15 foizga oshishiga sabab boshqa rivojlangan davlatlarga qaraganda AQShning federal rezerv tizimi (boshqacha aytganda Markaziy banki) qat’iyroq pul kredit siyosatini yuritishni birmuncha oldinroq boshlagan.

“Shuning hisobiga dollar indeksi keksin oshib, aksariyat valutalar dollarga nisbatan qadrsizlanib bormoqda. Bu esa import ulushi yuqori bo‘lgan, inflyatsion kutilmalar dollar kursiga bog‘liqligi yuqori bo‘lgan davlatlarda inflyatsion jarayonlarni tezlashtirmoqda”.

Biroq O‘zbekiston sharoitida mamlakatga eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va boshqa ko‘rinishdagi valuta oqimining oshganligi dollar indeksining o‘zbek so‘mi almashinuv kursiga ta’sirini nisbatan yumshatdi. Markaziy bank raisining qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda shakllangan almashinuv kursi nisbatan barqaror. 

Eslatib o‘tamiz, 18 oktyabrdan boshlab tijorat banklarida dollar kursi 11 200 so‘mga chiqqan edi.

Mavzuga oid