Jamiyat | 19:20 / 29.10.2022
31963
15 daqiqa o‘qiladi

«Sinovlar odamni ulg‘aytirarkan» - o‘qituvchi qiz kechinmalari

Inson ichki olamini tashqi ko‘rinishiga qarab baholab bo‘lmaydi. Gohida tashvish nimaligini bilmaydigandek ko‘ringan inson bilan yaqinroq tanishsak, uni g‘am-qayg‘ular ulg‘aytirganiga guvoh bo‘lamiz. «Hayotiy hikoyalar» ruknining buguni qahramoni ham ana shunday odamlardan.

Yuzidan tabassum arimaydigan, quvnoq hazillari bilan barchaning ko‘nglini ko‘taradigan Yasminani ko‘rgan odam otasi tirik bo‘laturib, otasizlik azobini tortib katta bo‘lgan demaydi. Ko‘nglidagi bu kemtikni to‘ldirish uchun qilgan harakatlari natijasida bugun Buyuk Britaniyada tahsilni davom ettirayotgan qizning muvaffaqiyatli qadamlari va mag‘lubiyat alamlari haqida o‘zidan eshitamiz.

Bobolarimni o‘ylasam, ichim yorishib ketadi

Ikki bobom ham juda yaxshi insonlar edi. Meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashardi. Nimaga qiziqsam, kim bo‘laman desam, «Xudo xohlasa, albatta erishasan», deyishardi. Hech qachon «bizning oiladan unaqa odam chiqmagan, sen bunday bo‘lishing kerak», deb taqiq qo‘yishmagan. Tarbiyaviy tomondan ham, ilm tomonidan ham ko‘p narsa o‘rgatishgan. Shu sababdanmi haligacha ularni o‘ylasam ko‘nglim yorishib ketadi.

Onamning otalari hayot. Hamon biror ish boshlashdan oldin bobom bilan maslahatlashaman. Buyuk Birtaniyaga bitiruv marosimiga olib kelishni niyat qilyapman. Bobom o‘qituvchi bo‘lgan va o‘qishga mehr qo‘yib, o‘qituvchilik kasbini tanlashimga sababchi bo‘lgan.

Mening otam bor edi...

Ota-onaning ajralishi dunyoning tugashi emas. Hayot davom etaveradi. Ularning bu qarorida bolalarning aybi yo‘q. Turmush o‘rtoq bilan ajralish bu oila bilan, farzandlar bilan ham ajralish degani emas. Lekin kichikligimda buni tushunmasdim. Ota-onam bir-biri bilan chiqisha olmagani sabab ajrashishgan. Shu bilan otam hayotimizdan chiqib ketdi. Men va ukam onam bilan qolganmiz.

Otam bizdan xabar olmasdi. O‘shanda ayni o‘tish davrida, 12–13 yoshlardagi o‘smir edim. Bu menga juda yomon ta’sir qilgan. Maktabda o‘g‘il bola sinfdoshlarimga qaramay, ular bilan salomlashmay qo‘yganman. Yigitlarning barchasi yomon, degan fikr miyamda shakllanib qolgandi. Tinimsiz yig‘lardim. Lekin hech kimga ko‘rsatmasdim. Ojizligimni bilishlarini istamasdim. Hatto onamga ham ko‘z yoshimni ko‘rsatgim kelmasdi. Bitta xonaga berkinib olib yig‘lardim.

Ayniqsa, maktabda nimadir bo‘lsa, sinfdoshlarim akasini, otasini chaqirib kelishardi. O‘sha vaqtlarda ko‘nglim o‘ksirdi. Qaniydi, meniyam dadam kelsa, deb ezilardim.

Alamimni tadbirlardan olardim. Maktabda nima tadbir, tanlov bo‘lsa qatnashardim. Boshlovchilik qilardim. She’rlar yozardim. Shu bilan o‘zimni ovutardim. Balki ich-ichimdan otam men bilan faxrlanishini istagandirman.

6-sinfligimda gazetada she’rim chop etilganidan so‘ng qiziqishim ortib ketdi. Har safar maqola yoki she’rim chop etilganda, yaxshi o‘qiganim uchun chorak yakunida faxriy yorliq berishganda bundan quvvat olardim.

Otam ikkinchi marta turmush qurdi. Lekin turmushidan farzandi bo‘lmadi. O‘shanda kichik yoshli qizaloqni asrab olganini eshitib juda qattiq xafa bo‘lgandim. Ko‘nglim og‘rigandi.

Axir uning qizi, men borman-ku. Nega qiz asrab oladi?! Farzandga ehtiyoji bor ekan, kelib holimizdan xabar olsa, otasiz o‘tayotgan kunlarimizni otalik mehri bilan yoritsa bo‘lardi-ku, deb ko‘p o‘ylaganman. Ancha vaqtgacha ichimdagi xafachilik tarqamagan. Balki otamni qizg‘angandirman, bilmayman. Ammo buni qabul qilishimga juda ko‘p vaqt ketgan.

Men doim band edim

O‘smirlik davrim, otamga muhtoj vaqtimda yolg‘iz edim. Onam meni bu holatdan chiqarish uchun band qilib tashladi. Bir daqiqa bo‘lsin bekorchi vaqtim qolmagandi. Maktabdan tashqari musiqa maktabiga borardim. Pianino chalib qo‘shiq aytardim.

Tahririyat xodimlari bilan ham tanishtirib qo‘ygandilar. Nima bo‘lsa yozardim. Qandaydir muammo ko‘rdim deguncha qo‘limga qalam olardim. Tahririyatda o‘rgatishardi, bunday yoz, bu yerini to‘g‘rila, deb. Keyin undan kichikkina maqola paydo bo‘lardi. Chop etilganda juda quvonardim. Bundan tashqari, sportga, tennisga borardim.

Birorta ham dugonam yo‘q edi. Kechinmalarimni kundalik tutib yozib yurardim. Kun kelib mashhur odam bo‘lsam, ruhiy kechinmalarimni kitob qilib chop etaman, deb har kuni kundalik yozib qo‘yardim. Uni hech kim ko‘rmaydigan joyga berkitardim.

«G‘iybat qilishni bilmayman»

Litseyga kirgunimcha birorta ham dugonam bo‘lmagani sabab menda g‘iybat qilish ko‘nikmasi shakllanmay qolib ketgan. Bu yaxshi bo‘lgan, albatta. Litseyda tanishgan dugonalarim yaxshi qizlar edi. Ulardan ko‘p narsa o‘rganganman. Namozni ham ana shu paytda boshladim.

Dardlarimni Xudoga aytishni boshlaganimdan keyin kundalikka ko‘p ham yozmay qo‘ydim. Ruhimda yengillik his qildim. Izlagan narsamni topgandim o‘shanda.

«O‘qishga kirmasang, erga beraman»

Litseyni tamomlaganimdan so‘ng birinchi yil o‘qishga kira olmadim. Onamning onasi agar budjetga o‘qishga kirmasam erga berib yuborishini aytdi.

O‘qish borasida menga qattiq turishardi. Bolaligimdan kitob berib o‘qishimni aytishardi. O‘qib bo‘lganimdan keyin mazmunini aytib berishim majburiy edi. Boshida juda yomon ko‘rardim. Meni qiynashayotgandek tuyulardi. Lekin bora-bora bu ish o‘zimga ham yoqib qoldi.

Xullas, ota-onam ajrashgani uchun menda oila qurishdan qo‘rqish fobiyasi shakllanib qolgan. Turmush qurishdan qo‘rqaman. Buvim «o‘qishga kirmasang, erga berib yuboraman», deganlari uchun jon-jahdim bilan o‘qishga tayyorlana boshladim. Kelasi yil budjetga o‘qishga kirdim.

Bu qo‘rquv menda hali ham bor. Hayotimni bog‘laydigan odam otamga o‘xshasa, farzandlarim otasiz o‘sishga majbur bo‘ladi. Mening onam va ukamdan boshqa hech kimim yo‘q, oila qurganimdan so‘ng erim meni tashlab ketsa, menga kim yordam beradi? Bolalarimning kelajagini ta’minlay oladigan darajaga yetganimdan so‘nggina oila qurishim kerak, deb qaror qildim.

Onlayn psixologik kurslarga yozildim, o‘z ustimda ko‘p ishladim. Va bir narsaga amin bo‘ldimki, hamma narsani Yaratganga tavakkal qilib, xayrlisini so‘rab qilish kerak ekan. Qo‘rquvlarimning ustida haliyam ishlayapman.

«Otasiz o‘sgan qizdan nima ham kutish mumkin»

2018 yilda Vestminsterda va Vebstrda o‘qirdim. Xalqaro maktabda ishlardim. Chiqargan kitoblarim, ijodiy ishlarimga ishonganim uchun «Zulfiya» davlat mukofotiga hujjat topshirdim. Respublika bosqichiga chiqdim. Lekin juda katta nohaqliklar bo‘ldi. Respublika bosqichiga o‘tkazmaymiz deyishganiga apellyatsiyaga topshirgandim.

Ertalab soat sakkizga hokimiyatga chaqirishdi. Bir xonaga olib kirib ustimdan qulflab qo‘yishdi. Soat kechki oltida ochib, navbatingiz keldi deb, boshqa bir xonaga boshlab borishdi. Yigirmaga yaqin komissiya a’zolari o‘tirgan ekan. Meni «sizning nima haqqingiz bor bizning ustimizdan yozib berishga?» deb kutib olishdi.

Menga psixologik jihatdan ta’sir qilishga o‘tishdi. «Yolg‘iz ayolning qizi nima bo‘lardi», «Siz bularni kitob deyapsizmi? Men fan doktoriman, hali buncha kitob chiqarmaganman» kabi gaplarni aytishdi. Arizamni qaytib olaman, deb tilxat yozdirib olmoqchi bo‘lishdi. Mazam bo‘lmay qoldi. Gaplari juda qattiq ta’sir qilgandi.

Chiqib ketishimdan oldin komissiya a’zolariga shunday dedim: «Bu tanlov kichkinaligimdagi orzum edi. Lekin unda shunday ayollar hakam bo‘ladi, deb o‘ylamagan edim. Menga mukofot ham, imtiyoz ham kerakmas. Nasib qilsa, men o‘zim fond ochaman, lekin u bunaqa emas, haqiqiy iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan fond bo‘ladi».

Shu bilan uyga borib mazam qochib qoldi.

«Sinovlar odamni ulg‘aytirarkan»

O‘quv kursi ochib o‘z ishimni boshladim. Avvaliga faqat o‘zim ishladim. O‘quvchilarim soni sakson nafarga yetdi. Asta-sekin o‘qituvchilar sonini ko‘paytira boshladim. Chin ko‘ngildan ishlardim.

O‘quvchilarim xorijga o‘qishga kirar, xorijiy kompaniyalarga ishga qabul qilinardi. Ularning har birining taqdiri, kelajagi bilan qiziqqanman. Xalqaro maktablarning koordinatorlari meni yaxshi taniydi. Shu sababli ham markazimda o‘qiganlar ishini tez topib ketishardi.

Odamlar astoydil, samimiy ishlaganimizni bilishardi. Lekin davlat idoralari qarshilik qila boshladi. Bir yil ular bilan kurashdik. Xalq biz tomon bo‘lgani ishonchimizga ishonch qo‘shardi. Lekin ularning bo‘htonlaridan juda charchadim. Hozir kelajagimni O‘zbekistonda tasavvur qilolmayman.

Mening va jamoamning yurtimiz rivojiga qo‘shayotgan hissalari o‘z yurtimda qadrlanmagani ishtiyoqimni tobora so‘ndirmoqda va hafsalamni pir qildi. O‘zimni oqlashdan charchadim. Inson qadri va uning mehnatlari qadrlanishi kerak.

Chet el sari yo‘l

Xorijga chiqishni doim orzu qilganman. Qiz bola bakalavrni tamomlab, bir oilaning bekasi bo‘lsa, shundan ortiq baxt yo‘q, deb hisoblashadi. Birinchi marta Xitoyga grant yutib olganimda shu tushuncha bilan borishimga ruxsat berishmagan. Bir o‘zimni jo‘natgilari kelmagan.

2016 yilda Koreyaga grant yutib oldim. Unda ham ruxsat berishmadi. Keyin litseyda ishladim. Bir joyni ijaraga olib, qo‘shimcha dars berishni boshladim. O‘quvchilarim juda ko‘payib ketdi. Daromadim ham sezilarli ko‘paydi. Xorijga chiqish uchun pul yig‘a boshladim.

2017 yilda yana Koreyaga grant yutdim. Bobom «chet elga ketsang, rozi bo‘lmayman, to‘yingni ko‘rgim kelyapti», dedilar. Juda ta’sirli va biroz qattiq gapirdilar. Yerga qarab jimgina yig‘lab o‘tirganman. Chunki ich-ichimdan xohlagan, harakat qilgan ishimni qilolmayotgan edim.

Shunday kunlarning birida Londonga ikki haftalik malaka oshirish kurslari borligini eshitib qoldim. Shunga boraman deb harakatni boshladim. Chipta, vizalarni olib bo‘lganimdan so‘ng bobomga aytdim. Biroz yolg‘on gapirishimga to‘g‘ri keldi. Ishxonadan jo‘natishyapti, dedim. Hech bo‘lmasa ikki haftaga borib kelishimdan xursand edim. Bu yer men kichikligimdan orzu qilgan joyim edi.

Xorijga yo‘l ochildi

Birinchi marta borib kelganimdan keyin xorijga chiqishim oson bo‘ldi. Bobomning ruxsati bilan kursda o‘qishga keldim. Ham ishlab, ham o‘qidim. O‘shanda uch yarim oyga kelgandim. Boy oiladan emasman. Olib kelgan pulim shuncha vaqt turishimga yetmasdi.

Ishni mehmonxonada xona tozalovchi bo‘lib ishladim. Bu yerda mehnat qadrlanadi. Qabulxonadan ko‘ra xona tozalovchi ko‘proq pul topadi. Bir yarim oy davomida shu ishni qildim. Undan keyin coffee shop’da ishladim. Tushgacha ish, undan keyin o‘qishga borardim.

Kursni tamomlab qaytganimdan so‘ng, magistraturada o‘qishga kelishni niyat qildim. Bir necha marta mablag‘ masalasi tufayli ortga qaytishimga to‘g‘ri keldi. Keyin xalqaro maktabda ishladim. Bir vaqtning o‘zida kichikroq joyni ijaraga olib dars o‘ta boshladim. Hatto shanba va yakshanba kunlari ham dars o‘tardim. Lekin ich-ichimdan xorijga ketish uchun harakat qilardim.

Dunyo bo‘ylab

2018 yilda o‘qituvchilar uchun xalqaro tashkilotlardan birini O‘zbekictonda tashkil qilish bo‘yicha taklif bildirishdi. Men hali o‘z ustimda ishlashim kerak, tayyor emasman, deb o‘yladim. Direktor meni Boku shahrida bo‘ladigan konferensiyaga taklif qildi. Onam bilan ukam qo‘llab-quvvatlashi ortidan Bokuga borib keldim.

Konferensiyada muvaffaqiyatga erishgan mutaxassislar bilan tanishib, ulardan ko‘p narsa o‘rgandim.

2018 yildan Ozarboyjondagi o‘qituvchilar malakasini oshirish markazining O‘zbekistondagi vakili bo‘lib ishlay boshladim. Bu qo‘shimcha ishlarimdan biri bo‘ldi.

Pandemiyadan so‘ng shu soha bo‘yicha o‘z firmamni ochdim. Boshida o‘zim ishladim va bitta o‘qituvchini ishga oldim. Undan so‘ng administrator oldim. Shunday qilib, asta-sekin ish o‘rinlari va joyni kengaytirib bordim.

Markazimizda qirqqa yaqin odam ishlardi. Qarshiliklar bo‘lavergach, daromad keskin kamaydi va ish o‘rnini qisqartirishga majbur bo‘ldim. Hozir 20 ga yaqin odam ishlayapti.

Soham bo‘yicha Ukraina, Fransiya, Angliya, Irlandiya, Rossiya, Turkiya, BAA, Qozog‘iston, Gruziya va Germaniya davlatlariga qisqa muddatli trening kurslar va xalqaro konferensiyalarga borib keldim. Britaniyaga 2022 yil yanvar oyida magistratura bosqichiga o‘qishga keldim. Hozir bu yerda magistraturada tahsil olyapman. Shu bilan birga maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayapman.

Sizga qarab butun millat haqida xulosa qilishadi

Bu yerda turli mamlakatlardan do‘stlarim bor. O‘zligini asrab qolish o‘zini tanigan inson uchun qiyin emas. Samimiy, insonparvar bo‘lsangiz, sizni hech qayerda ajratishmaydi. Dunyoda odamgarchilik, vijdoniylik va samimiylik millat, din tanlamaydigan insoniy sifatlardir. Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, sizni shu jihatlaringizga qarab qadrlashadi. Men hamisha yurish-turishimga, o‘zimni tutishim, kiyinishimga qarab butun o‘zbek qizlari haqida xulosa qilishlarini yodda tutaman.

Charos Mannonova suhbatlashdi

Mavzuga oid