O‘zbekiston | 09:15 / 31.10.2022
8993
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda fuqaroga qo‘pollik qilgan IIB xodimiga intizomiy jazo qo‘llandi

Xatirchi tumanida maktabdagi ta’mirlashdan norozi bo‘lgan fuqarolar va IIB xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Xatirchi tumanida IIB xodimlari fuqaroga qo‘pollik qilgan holda uni mashinaga mindirib olib ketayotgani haqida videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB hamda prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

Navoiy viloyati prokuraturasiga ko‘ra, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Xatirchi tumanining Maydon mahallasida yashovchi fuqaro D.Sh. tomonidan tuman IIB xodimlarining xatti-harakatlaridan noroziligi haqida Xatirchi tuman prokuraturasiga murojaat yo‘llangan. Mazkur holat yuzasidan Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgan bo‘lib, sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan”, — deyiladi prokuratura bayonotida.

Navoiy viloyati IIB bayonotida esa holat 2022 yil 23 aprel kuni bo‘lgani, IIB xodimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangani bildirilgan. 

Joriy yilning 23 aprel kuni Xatirchi tumani Maydon mahallasida yashovchi fuqarolar M.Y. hamda S.R. hududdagi 52-umumta’lim maktabiga borgan va u yerdagi ta’mirlash ishlari haqida gapirib, ustalar bilan tortishishgan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida profilaktika inspektorlari fuqaroni mahalla binosiga olib kelib, u bilan profilaktik suhbat olib borishgan. Shundan so‘ng fuqaro qo‘yib yuborilgan. Ushbu holatda xodimlarning harakatiga huquqiy baho berish maqsadida Navoiy viloyat IIB mas’ullari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan hamda tegishli intizomiy chora qo‘llangan”, — deyiladi IIB bayonotida.

Mavzuga oid