Buxorodagi qulagan bino qurilishida xavfsizlik talablariga rioya qilinmagani aytildi
Yuqori qavatlarida mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan binoda ishlab chiqarish texnologiyasi hamda xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan.
31 oktyabr kuni Buxoro shahar “Do‘stlik” MFY T.Farog‘iy ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan 3 qavatli bino qulab tushgani va buning oqibatida bir nafar quruvchi jarohatlangani bo‘yicha xabar e’lon qilingan edi.
Qurilish vazirligining rasmiy munosabatiga ko‘ra, Buxorodagi qurilishi tugallanmagan binoda yetarlicha mustahkamlikka ega bo‘lmagan to‘sin (rigelga)ga haddan ortiq qurilish materiallari yuklangani sabab rama konstruksiyasining rigel qismida avariya yuzaga kelgan. Qurilish jarayonida ishlab chiqarish texnologiyasiga, xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, bino qurilishi ketayotgan joy 2021 yil 25 sentabrda Buxoro shahar Qurilish bo‘limi tomonidan “Kogon quruvchi montajchi” MChJga birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish hamda yuqori qavatlarida mehmonxona qurish maqsadida ajratilgan va buning uchun ruxsatnoma ham berilgan.
Binoning loyiha-smeta hujjatlarini “Buxara Perfect Projyekt” MChJ ishlab chiqqan bo‘lib, bino bosh rejasi, fasad ko‘rinishlari Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan.
“Shundan so‘ng ushbu obektning shaharsozlik me’yoriy hujjatlari uchun yig‘ma ekspertiza xulosasi “Baxtiyor Ekspert Stroy Plyus” MChJ tomonidan tayyorlab berilgan.
Shu yil 17 fevralda “Kogon quruvchi montajchi” MChJning murojaatiga asosan obekt Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, bino qurilish jarayonlari hududiy inspeksiya tomonidan doimiy nazorat qilinib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali buyurtmachi, loyihachi tashkilotlariga inspeksiyaning elektron ko‘rsatmalari taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, bino qulashi oqibatida jarohatlangan quruvchi o‘sha vaqtning o‘zida Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga yotqizilgan. Hozircha uning ahvoli bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar berilganicha yo‘q.
Mavzuga oid
18:44 / 24.12.2024
Qurilish vazirligiga shaharsozlik normalariga zid hujjatlarni bekor qilish vakolati berildi
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
15:29 / 03.12.2024
Buxoro shahrining tarixiy qismida mototsikl va skuter kabilarning harakati cheklandi
11:04 / 02.12.2024