Fan-texnika | 20:13 / 03.11.2022
58622
3 daqiqa o‘qiladi

Apple qatorasiga o‘ninchi marta dunyodagi eng qimmat brend bo‘ldi 

Apple kompaniyasi Interbrand talqini bo‘yicha dunyodagi eng qimmat brendlar reytingida yetakchiligini saqlab qoldi. 

Foto: Reuters

iPhone ishlab chiqaruvchisi ketma-ket o‘ninchi marta birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya brendining qiymati 482,2 milliard dollarga baholanmoqda, bu o‘tgan yilgi natijadan 18 foizga yuqori. 

O‘tgan yilgidek kuchli uchlikka Amazon va Microsoft ham kirdi. Biroq, ularning o‘rni almashdi: Microsoft brendi yil davomida 32 foizga qimmatlab, 278,3 milliard dollarga tenglashdi. Bu unga Jyeffri Bezos kompaniyasini qariyb 3,5 milliard dollarga ortda qoldirib, reytingda ikkinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. Amazon brendi 2022 yilda 274,8 milliard dollarga baholandi. 

Reytingga kiritilgan brendlarning umumiy qiymati yil davomida 16 foizga o‘sib, rekord darajadagi 3,1 trillion dollarga yetdi. Brendlar qiymati Interbrand reytingi tuzila boshlaganidan buyon hech qachon bunday tez ko‘tarilmagan. 

Shuningdek, eng qimmat brendlar o‘ntaligiga Google (251,75 milliard dollar), Samsung (87,7 milliard dollar), Toyota (59,76 milliard dollar), Coca-Cola (57,5 milliard dollar), Mercedes-Benz (56,1 milliard dollar), Disney (50,3 milliard dollar) va Nike (50,29 milliard dollar) kirdi. 

Interbrand kompaniyasining Best Global Brands reytingiga global ta’sirga ega brendlar kiritiladi. Mezonlarning qattiqligi tufayli, hatto Alibaba kabi yirik brendlar ham ro‘yxatdan joy olmasligi mumkin. 

Birinchi mezon shundan iboratki, daromadning kamida 30 foizi brend yaratilgan mamlakatdan tashqaridagi hududlardan olinishi kerak. Ikkinchi mezon - «Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikada taniqli ekani va  rivojlanayotgan bozorlarda vakillikka egaligi». Bundan tashqari, «kompaniyaning moliyaviy natijalari haqidagi ochiq ma’lumotlar e’lon qilinishi», ushbu talab moliyaviy hisobotni e’lon qilmaydigan ko‘plab brendlarni reytingdan chiqarib tashlaydi. 

Shuningdek, «uzoq muddatda kutilayotgan foyda bo‘lishi, bu brend kapitali qiymatidan ortiq miqdorda daromad keltirishi» kerakligi. Yana bir mezon - «dunyoning eng yirik iqtisodiyotlarida brendning taniqli ekani».

Mavzuga oid