O‘zbekiston | 18:43 / 04.11.2022
15708
3 daqiqa o‘qiladi

“Atom energiyasiga oid rejalarimizdan voz kechmaymiz” - vazir o‘rinbosari

“Biz atom energiyasiga oid rejalarimizdan voz kechmaymiz. Munozarali masalalarga to‘xtalmoqchi emasman, bu – mamlakatimizda yaratilayotgan energiyaning yangi turi va [biz uchun] umuman yangi usul, biz barcha energiya imkoniyatlaridan foydalamoqchimiz”, – deya iqtisodiy forumda berilgan savolga javob berdi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev.

Foto: Uzbekistan Economic Forum

O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayevga atom elektr stansiyasini qurish yashil iqtisodiyotga o‘tish maqsadlarini kechiktirmaydimi, degan ma’noda savol berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Energetika vazirligi mavjud barcha imkoniyatlardan foydalanish zarur deb hisoblaydi.

“Biz uning oqibatlari qay darajada bo‘lishini bilishimiz kerak. Atom energiyasining iqtisodiyotimizga ta’sirini o‘rganishni boshladik. Biz atom energiyasiga oid rejalarimizdan voz kechmaymiz. Munozarali masalalarga to‘xtalmoqchi emasman, bu mamlakatimizda yaratilayotgan energiyaning yangi turi va umuman yangi usul, biz barcha energiya imkoniyatlaridan foydalamoqchimiz.

Shu bilan birga, biz o‘tishni xohlayotgan yashil iqtisodiyot uchun xalqaro standartlarga ega bo‘lishni xohlaymiz. Biz hamkorlarimiz bilan qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha ko‘p ishlarni boshladik, yangi quvvatlarga ega bo‘lish bilan bir qatorda yana ko‘plab ishlar qilinishi kerak”, – dedi Azim Ahmadxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil dekabrda Rossiya va O‘zbekiston huqumatlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagan. O‘zbekistonda quriladigan birinchi AESning qiymati 2018 yilda taxminan 11 mlrd dollarga baholangan edi.

Stansiya umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan ikkita energoblokdan iborat bo‘lishi, u Jizzax viloyatida qurilishi reja qilingan. “O‘zatom” va “Rosatom” AES qurilish maydonida injyenerlik ishlarini bajarish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

“Rosatom” 2020 yil boshidayoq O‘zbekistonda AES qurishni boshlab, birinchi blokni 2028 yilda ishga tushirmoqchi edi. Bu boradagi yakuniy shartnoma hali imzolanmagan. 2020 yil oxirida Rossiya tomoni shartnoma loyihasi deyarli tayyorligi, “faqat texnik jihatlar” qolganini bildirgan, O‘zbekiston tomoni esa shartnoma tayyorligini rad etib, muzokaralarda milliy manfaatlar himoya qilinayotganini ma’lum qilgandi.

2022 yil oktyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvga asosan, qurilajak AESda Vengriyaning sovitish tizimlaridan foydalanilishi belgilandi.

Mavzuga oid