O‘zbekiston | 12:31 / 07.11.2022
8626
3 daqiqa o‘qiladi

Teri qiyqimlaridan jahon bozoriga tayyor mahsulot

O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni Jidda shahridagi Bosh konsulxonasida Saudiya Arabistonining “Golden Star” kompaniyasi bosh direktori Abdulmu’in Zurgi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan respublikamiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan kollagen va jyelatin mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga eksportini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: O‘zcharmsanoat

Jumladan, Abdulmu’in Zurgi “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zo “MMM Amin Bio” kompaniyasi (Halal Gelatin Collagen Manufacturer) tomonidan ishlab chiqarilayotgan, halol sertifikatiga ega jyelatin va kollagen mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga yetkazib berilishiga qiziqish bildirdi. Shu maqsadda “Golden Star” kompaniyasiga kollagen va jyelatin mahsulotlarining namunalari va tegishli sertifikatlar nusxalari taqdim etildi.

Ta’kidlash joizki, yillik 1,5 ming tonna jyelatin va kollagen mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “MMM Amin Bio” korxonasi ishga tushirilguniga qadar terini qayta ishlashdan hosil bo‘ladigan qiyqimlar chiqindiga tashlab yuborilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ishlab chiqarish qoldiqlaridan jahon bozori talablariga javob beradigan jyelatin va kollagen mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi va hozirda dunyoda jyelatin va kollagen mahsulotlariga bo‘lgan talab yildan yilga ortib bormoqda. Bu mahsulotlarning asosiy xaridori oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati kompaniyalari hisoblanadi. Talab katta bo‘lgan bu mahsulotni ishlab chiqarish jarayoni esa o‘ziga xos murakkab texnologik jarayonlarni talab etadi.

Yaqin-yaqingacha O‘zbekiston ham jyelatin va kollagen mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini import hisobiga qondirib kelgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan “MMM Amin Bio” korxonasida ishlab chiqarilmoqda.

“MMM Amin Bio” korxonasida yaratilgan ishlab chiqarish quvvatlari nafaqat mamlakatimiz oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati ehtiyojlarini qoplash, balki xorijiy mamlakatlarga qo‘shimcha eksport qilish uchun ham yetarli. Bugungi kunda korxona mahsulotlarini MDH, Xitoy va Yevropa davlatlari bozorlariga yetkazib bermoqda. Joriy yilning 9 oyida korxona 1,5 mln AQSh dollariga teng mahsulot eksportini amalga oshirdi. Endilikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan jyelatin va kollagenning eksport geografiyasiga Saudiya Arabistoni ham qo‘shilmoqda.

Abdulmu’in Zurgi “MMM Amin Bio” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini yuqori baholagan holda, Saudiya Arabistonidagi farmatsevtika zavodlariga mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatilishini ma’lum qildi. Uchrashuv doirasida “MMM Amin Bio” kompaniyasi vakillari bilan onlayn-muzokaralar o‘tkazildi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doir qator kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid