O‘zbekiston | 12:44 / 09.11.2022
13609
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurilishini boshlab berdi

9 noyabr kuni Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida barchani ushbu voqea bilan tabriklab, loyiha ahamiyati haqida gapirdi.

- Bizning o‘z yo‘limiz, niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Bugun qilayotgan tarixiy ishlarimiz o‘zining katta natijasini berishiga ishonamiz. Ana shu ishonch bizga kuch-qudrat beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kutilayotgan anjumanlardan eng nufuzlisi Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlaridir. Bu musobaqalar 2025 yilda Toshkentda o‘tkaziladi. Unda qit’amizdagi 45 mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi. Bunday nufuzli xalqaro musobaqa O‘zbekiston tarixida birinchi marta  tashkil etiladi. Uni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida zamonaviy Olimpiya shaharchasini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Davlat rahbari bu loyiha bilan bir necha bor tanishib, ko‘rsatmalar bergan. Bu tavsiyalar bosh loyihachi – Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi bilan takomilga yetkazildi.

– Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishiga ishonaman. Bu maskan me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyod. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etiladi.

– Agar shonli tariximizga nazar solsak, ota-bobolarimiz kelgusi avlodlar uchun ulug‘vor imoratlar barpo etganiga guvoh bo‘lamiz. Biz ham ajdodlarimizning mana shunday ezgu an’analarini munosib davom ettirib, mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirmoqdamiz. Albatta, bunday yirik loyihalar ko‘pchilikning birgalikdagi sa’y-harakati, mehnatkash xalqimizning faol ishtiroki bilan yuzaga chiqadi, – deya ta’kidladi prezident.

Majmua musobaqalardan so‘ng bo‘shab qolmaydi. Keyinchalik bu yerda Sportni rivojlantirish vazirligi, sport federatsiyalari va O‘zbekiston davlat sport akademiyasi faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Majmualarda fuqarolar ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

- Mamlakatimizda hamma sohalarda loyihalar, imoratlar ko‘payyapti. Bularning zamirida buyuk xalqimizning buyuk mehnati yotibdi, buyuk xalqimizning niyati, ertangi kunga ishonchi yotibdi. Xudo xohlasa, bunday loyihalar yana ko‘p bo‘ladi, - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid