Jamiyat | 19:26 / 10.11.2022
23832
8 daqiqa o‘qiladi

«Diplom bir parcha qog‘oz emas ekan» - talabaga aylangan muallimaning taassurotlari

«Diplomim yo‘qligi baxtimga soya solgandek bo‘laverardi. Qo‘shni qishloqdagi maktabga direktor o‘rinbosarligiga ishga taklif qilishdi. Lekin o‘rta maxsus ma’lumot bilan bu lavozimda ishlashim mumkin emas ekan. Oliy ma’lumotga ega emasligim, nafaqat lavozimda ko‘tarilishga, balki o‘z ishimda qolishimga ham soya sola boshladi», deb hikoyasini boshladi qahramonimiz.

Oila — kishan emas, hayotiy zarurat, orzularga yetishdagi qo‘sh qanot ekanini anglagan inson hayotda haqiqiy baxtni his etib yashaydi. Juftini tushungan turmush o‘rtoq ayol kishi uchun ham, er kishi uchun ham saodat kalitidir.

Er-xotin bir-birining shaxs sifatida rivojlanishiga ko‘maklashar ekan, aslida o‘zi, bolalarining baxtli kelajagini ta’minlashga zamin yaratayotgan bo‘ladi.

«Hayotiy hikoyalar» ruknimizning bugungi qahramoni Sitora ham turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi orqali o‘zini shaxs sifatida rivojlantirayotgan ayollardan. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmay turib sakkiz yil davomida dars bergani, qo‘lida farzandi bilan o‘qishga qanday kirgani haqidagi kechmishlarini qahramonimizning tilidan tinglaymiz.

* * *

«Oilamizda hamma sportchi: ikki akam, opam, singillarim. Faqat men sportga qiziqmadim. Bolaligimdan hamma xola-xola o‘ynasa, men o‘qituvchi bo‘laman, daftarlaringizni tekshiraman, der ekanman dugonalarimga.

Dam olish kunlari bir varaqqa hech kim bezovta qilmasin, deb yozib xonamning eshigiga yopishtirib qo‘yar ekanman-da, eshikni yopib qo‘yarkanman. Onam asta ochib qarasalar, dars qilib o‘tirgan bo‘larkanman. Yana bir qarasalar — kitoblarimga bosh qo‘yib uxlab qolgan bo‘larkanman.

Maktabda o‘qib yurgan vaqtlarim ham diktantlarni ustozlarim menga ishonishardi. Sinfdoshlarimdan o‘zim diktant olardim. Bundan ham faxr, ham quvonch hissini tuyardim. O‘qishni qizil shahodatnoma bilan tamomlab, pedagogika kollejiga o‘qishga kirdim.

Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida o‘qirdim. Ikkinchi kursligimda yaxshi o‘qiganim uchun 15 ming stipendiya olganim ham esimda. Stipendiya olganimni eslayman, lekin u kollejning a’lochi o‘quvchilarni rag‘batlantirish uchun ichki stipendiyasimidi yoki viloyatimizda shunday qilinganmi, eslolmayman. Paxtaga chiqqan, jamoat ishlarida faol bo‘lgan kursdoshlarimiz ham stipendiya olishardi.

Moddiy rag‘bat ham o‘zimning qiziqishim sababmi, xullas kollejda ham a’lo baholarga o‘qidim. Ikkinchi marta ham o‘qishni qizil diplom bilan tamomladim. Katta qilib imtiyozli deb yozib qo‘yilgan alvon rangli diplomimni olganimdagi ichimga sig‘magan quvonch hissi hamon esimda.

Amalda hech qanday imtiyoz bermasa ham ko‘pchilikning ichida bir nechtagina qizil diplom olgan o‘quvchilar qatorida bo‘lish boshqacha-da.

O‘sha yili universitetga kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindim. Ikkala singlim ham gepatit bo‘lib qolgan, onam ularning parvarishi bilan band. Otam va akalarimning ishlari ham yurishmay turgan vaqt edi.

Kontrakt qog‘ozimni ko‘tarib kelganman. Onam «qizim, hozir ahvolimizni ko‘rib turibsan-ku, shoshmay tur» deganlar. Shu gap yetgan. Qaytib bu haqda og‘iz ochmaganman. Uydagilarimni qiynagim kelmagan. Hujjatlarimni qaytarib olib, maktabga ishga kirganman.

Shunday qilib 2015 yilda ish faoliyatimni boshladim. Juda ko‘p o‘quvchilarimni tanlovlarga, olimpiadalarga tayyorlardim. Ular yaxshi natijalarni qo‘lga kiritib kelishardi. Ishimga oid barcha xat-hujjatlarni yuritishni puxta o‘zlashtirib oldim. O‘qimasa ham ishlasa bo‘lar ekan-ku, deb oilamga foydam tegayotganidan, sevimli ishim bilan shug‘ullanayotganimdan xursand bo‘lib kunlarim o‘taverdi.

2019 yilda oila qurdim. 2020 yilda onalik baxti nasib etdi. Onangni ona bo‘lib tushunasan, deganlari rost ekan. Barcha qiynalganlaring bolangni bag‘ringga bosganingda unut bo‘larkan. Uning hidlarini tuyib, o‘zimni yettinchi osmonda uchgandek his etgandim.

Xudoga shukur, qaynona, turmush o‘rtog‘imdan ham peshonam yaraqladi. Ikkovlari ham meni tushunadigan, farzandimizni yer-u ko‘kka ishonmaydigan yaxshi insonlar. Oila borasida hayot meni siyladi, desam ham bo‘ladi.

Bolamni bog‘chaga berib, ishga chiqdim. Hayotimda hammasi yaxshi edi, ammo bir parcha qog‘oz — diplomim yo‘qligi baxtimga soya solgandek bo‘laverardi. Qo‘shni qishloqdagi maktabga direktor o‘rinbosarligiga ishga taklif qilishdi. Ish faoliyatimni ko‘rib, meni bu lavozimni uddalay olishimga ishonch bildirishdi. Lekin ma’lumotim o‘rta maxsus bo‘lgani sabab bu lavozimda ishlashim mumkin emas ekan.

Ishga taklif qilgan odam ham, eh, qaniydi shu bir parcha qog‘oz bo‘lganda, sizni ishga olishni juda xohlagandim, deb afsuslanib qoldi. Oliy ma’lumotga ega emasligim, nafaqat lavozimda ko‘tarilishga, balki o‘z ishimda qolishimga ham soya sola boshladi.

To‘g‘ri, noliydigan joyim yo‘q. Bir ayol sifatida hamma narsaga egaman. Ammo men shu bilan to‘xtab qolishni istamayman. Jamiyatda ham o‘z o‘rnim bo‘lishini, kelajakda farzandlarim men bilan faxrlanib yurishini istayman.

Turmush o‘rtog‘im istaklarimni hurmat qilib qo‘llab-quvvatladi. Bu menga ishonch berdi. Ish tajribam borligi sabab hokimiyatdan tavsiyanoma berishdi. Toshkentga sirtqi ta’lim uchun hujjat topshirdim.

Sakkiz yil o‘tib, talaba bo‘lish orzum amalga oshdi.

Yigirma kundan beri Toshkentdaman. O‘qishni boshlaganimga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa ham, oliy ma’lumotlilik diplomi o‘zim o‘ylaganimdek bir parcha qog‘oz emasligini tushunib yetdim. Shu vaqt mobaynida o‘zim bilaman deb o‘ylagan narsalarimni aslida bilmasligimni, bilmaganlarim bilganlarimdan ko‘p ekanini angladim.

O‘qish menga yoqib qoldi. O‘qituvchilar bergan vazifalarni chin dildan bajaryapman. Ishonasizmi, imkonim bo‘lganida kunduzgi ta’limda o‘qigan bo‘lardim. Berilgan vazifalar ko‘pligidan ham, erta-yu kech tinim bilmay dars tayyorlayotganimdan ham nolimayman.

Meni qiynayotgan birdan bir narsa — sog‘inch. Farzandim endigina uch yoshga kirgan. Hozir buvisi va otasi bilan Surxondaryoda. Oilamni, ayniqsa bolamni hammadan ko‘p sog‘inyapman. Birinchi marta shunday uzoq vaqt ajralishimiz. Yaxshiyamki telefon bor ekan.

Ilm ham shunday narsa ekanki, o‘qiganing sari o‘qiging, bilganing sari ko‘proq bilging kelaverar ekan. Bakalavr darajasini olgach magistraturada ham o‘qishni xohlab qoldim. Qarang, bir yil avval, bakalavr ham men uchun ushalmas orzudek edi.

O‘qigan sari fikrlarim kengayib, orzularim yuksalib boryapti. Nasib qilsa magistraturani ham o‘qib, universitetda dars bermoqchiman. 

Bu qiyinchiliklar ham o‘tib ketadi. Bir-necha kundan so‘ng uyga, oilam bag‘riga qaytaman. Odam harakat qilsa, oilasi, bolasi borligiga qaramay o‘qiy olar ekan. Faqat va faqat harakat, Yaratgandan chin dildan so‘rash kerakligini tushundim.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid